Yevropa universitetlari bilan hamkorlikda GIS texnologiya bo‘yicha doktorlar tayyorlash
Ta’lim bosqichlarining turli pog‘onalari bilim egallash va uni amaliyotga qo‘llash darajalari bilan bog‘liq. Doktorantura ta’limi ilmiy ma’lumot, nazariy qonuniyat va amaliy faoliyatining yuqori darajasi sifatida ahamiyatga molikdir. Evropa Ittifoqi ko‘magida moliyalashtirilayotgan “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi doirasida ochilayotgan Geoinformatika ixtisosligi ana shunday mohiyatga ega. Loyihaning asosiy maqsadi – geoaxborot tizim va texnologiyalari orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iboratdir. Bugungi kunda geoaxborot tizimi ko‘plab sohalarda qo‘llanilib, barqaror rivojlanishga erishishda tezkor qaror qabul qilish imkoniyatini yaratadi.
Mazkur loyiha doirasida 2017-2020 yillarda O‘zbekistondan jami 15 nafar falsafa fan doktorlari (PhD) tayyorlanadi va 20 nafar ilmiy rahbar hamda ilmiy maslahatchilar ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘yicha loyihaning Yevropadagi hamkor OTMlari – Obuda universiteti (Vengriya), Zalsburgdagi Parij Lodron universiteti (Avstriya), Qirollik texnologiya instituti (Shvetsiya), Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Leybnits instituti (Germaniya)da malaka oshirishga yuborilishi bilan bir qatorda geoaxborot tizim va texnologiyalari (GIS) yo‘nalishi bo‘yicha 18 ta ilmiy ommabop adabiyotlar hammualliflikda yaratiladi va loyiha hisobidan chop etiladi.
Mazkur loyiha doirasida joriy yilning 21-27 may kunlari loyihaning koordinatori hisoblangan Vengriyaning Obuda universitetida hamkor OTMlar koordinatorlari va boshqaruv xodimlari uchun tashkil qilingan seminar-trening va uchrashuvlarda Samarqand davlat arxitektura va qurilish institutining mazkur halqaro grant boshqaruv xodimi, institut rektori S.I.Axmedov, loyiha koordinatori, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor E.X.Isakov hamda loyiha menejeri, “Geodeziya, kartografiya va kadastr” kafedrasi o‘qituvchisi V.R.Niyazovlar ishtirok etdilar. SamDAQI rahbar xodimlari tomonidan Vengriyaning Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universiteti va Obuda universiteti rahbariyati bilan professor-o‘qituvchi va talabalarimizning ilmiy tadqiqot va o‘quv ishlarini bajarish bo‘yicha o‘zaro ikki yoqlama halqaro hamkorlik masalalarini yo‘lga qo‘yish maqsadidagi uchrashuvlar olib borildi hamda universitet ma’muriyati va bosh koordinator bilan kelgusida ikki OTM o‘rtasida qilinishi lozim bo‘lgan ilmiy tadqiqot va o‘quv masalalari bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirildi. Tashrif davomida 2018 yil 25 may kuni Budapesht shahrida Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti rektori S.I.Axmedov va Vengriyaning Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universiteti rektori János Józsalar o‘rtasida o‘zaro xalqaro ilmiy akademik anglashuv memorandumi hamda ikki OTMning “Arxitektura” fakultetlararo hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shuningdek, 2018 yil 26 may kuni Vengriyaning Obuda universiteti bilan ham o‘zaro xalqaro ilmiy akademik anglashuv memorandumi tuzildi.
Yangi doktorlik dasturini tayyorlash, akkreditatsiya va dastlabki PhD doktorantlarini jalb qilish mavzularida hamda Yevropa Ittifoqida tahsil olishi rejalashtirilayotgan o‘zbekistonlik PhD doktor nomzodlarini tanlash, umumiy tadqiqotlar markazini rejalashtirish bo‘yicha tashkil qilingan seminar treninglarda SamDAQIning mazkur halqaro grant loyiha koordinatori E.X.Isakov “Loyiha doirasida muntazam konferensiyalar o‘tkazish va SamDAQI ilmiy faoliyati” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
SamDAQI rahbar-xodimlari tomonidan DSinGIS grant loyihasining faoliyati doirasida olib borilgan ishlar bo‘yicha hisobotlarni baholash va xalqaro tarmoqni qurish yuzasidan, shuningdek GIS bo‘yicha PhD doktorantlariga o‘qitiladigan qisqacha kurslarning xususiyatlari va o‘quv materiallarini tahrirlashda hamkorlik masalalari bo‘yicha seminar- treninglarda, hamda sun’iy yo‘ldosh gravimetriyasi va oliy geodeziya, er resurslarini boshqarishda GIS tehnologiyalaridan foydalanish fanlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida o‘zlarining loyihalari bilan ishtirok etdilar.
Obuda universitetida o‘tkazilgan seminar-trening O‘zbekistondagi geofazoviy fanlar bo‘yicha barqaror doktorlik dasturini boshqarish uchun yordam beradi. Unda loyihaning dastlabki yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi davrda qilinadigan ishlar bo‘yicha manzilli rejalar yaratildi, ta’lim sifati masalalari (ta’lim sifatini tekshirish, baholash va ta’minlash) hamda ta’lim tizimini xalqarolashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu maqsadlarda tashkil qilingan seminar-trening va uchrashuvlarda SamDAQI rahbar-xodimlariga Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida “585718-EPP-1-2017-1-HU-EPPKA2-CBHE-JP-DSinGIS-Doctoral Studies in Geoinformation Sciences” nomli xalqaro grant loyihasi dasturining maxsus sertifikatlari topshirildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur loyihaning asosiy vazifalaridan biri – Geoinformatika bo‘yicha yangi doktorantura (PhD) ixtisosligini ochish bo‘lib, mazkur vazifaning dastlabki bosqichi amalga oshirildi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining 2018 yil 26 yanvardagi 249/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxatiga yangi 11.00.07 – “Geoinformatika” ixtisosligi kiritildi.