Kuy-qo‘shiq yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning samarali vositasidir
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ham bu sohada ko‘pgina salmoqli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, 2018 yil 28 aprel kuni institut faollar zalida Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand harbiy gornizoni ofitserlar uyining harbiy orkestrining konsert dasturi tashkil etildi. Konsert dasturi YOshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi, institut yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda institut ma’naviyat va ma’rifat, iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad hozirgi kunda yoshlarni ona yurtga mehr-muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash, jasurlik va fidoyilik fazilatlarini yanada kuchaytirishdir. Bunda ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muhim hisoblanadi, zero bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarda jamiyatning turli tarmoqlari, ayniqsa, harbiy soha bilan aloqador bo‘lgan davlat xizmati turlarida faollik ko‘rsatish, tinch va harbiy sharoitda Konstitutsiya va harbiy burchga sadoqatli bo‘lish, ularda o‘z yurti va xalqi taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirishdan iboratdir.
Konsert dasturida harbiy orkestrning harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlari ijro etildi. Tadbirda ishtirok etgan talaba-yoshlar kuylangan qo‘shiq va kuylardan olam-olam ma’naviy ozuqa olishdi. CHunki, dildan kuylangan qo‘shiqlar hamma vaqt inson ruhiy olamiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, tinglovchi qalbida yangi orzu-umidlar uyg‘otgan, ezgu amallarga da’vat etgan, yoshlarni ona Vatanni sevishga, uni asrab-avaylashga undagan, ular qalbida Vatan tuyg‘usini shakllantirgan.
Konsert dasturi yakunida institut ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor v.b. O‘.Xudayarov so‘zga chiqib, Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand harbiy gornizoni ofitserlar uyining harbiy orkestriga maroqli dastur uchun talaba-yoshlar nomidan minnatdorchilik bildirdi.