ISLOM KARIMOV-MUSTAQIL DAVLATIMIZ ASOSCHISI VA BOSH ME’MORI
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 30-yanvar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tavallud kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat va shahar Kengashi bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.“Islom Karimov-mustaqil davlatimiz asoschisi va bosh me’mori” mavzusidagi davra suhbatida Birinchi Prezidentimizning mamlakat mustaqilligini e’lon qilishda ko‘rsatgan jasorati va istiqlolimizni mustahkamlash borasida olib borgan oqilona siyosati xususida so‘z yuritildi.
Partiya viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Azimjon Soliyev qayd etganidek, mustaqil O‘zbekiston davlatining jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi, tenglar ichra teng bo‘lishi, xalqimizning baxtli va faravon turmush kechirishida Islom Karimovning xizmatlari beqiyos. U kishi o‘zining yuksak bilim va salohiyati, rahbarlik mahorati, oldinni ko‘ra bila olish qobiliyati bilan mamlakatimizning shu darajada ravnaq topishini, taraqqiy etishini ta’minladi.
Davra suhbatida so‘z olgan institut prorektori Orif Xaitov va oliygoh professor o‘qituvchilari ham Birinchi Prezidentimizning porlok xotirasini yuragida e’zozlab, o‘zining cheksiz mehr-muhabbatini dil so‘zlari orqali izhor etishdi. Tadbir so‘ngida elimizning ardoqli farzandi, buyuk davlat va jamoat arbobi Islom Karimovning hayoti hamda mehnat faoliyati haqida hikoya qiluvchi film namoyish etildi.