Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 18 may kuni “Zamonaviy jahon arxitekturasi” mavzuida seminar-trening bo’lib o’tdi.

 

Unda daniyalik taniqli xalqaro me’mor, “Gehl Architects” kompaniyasi asoschisi Yan Geyl va SamDAQI professor-o’qituvchilari va talabalari ishtirok etdi. 
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institut rektori S.I.Axmedov mamlakatimizda shahar yo’l-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish hamda yangilash, ko’chalarda piyodalar harakati va transport vositalari qatnovini zamon talablaridan kelib chiqqan holda tashkil qilish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Shaharlar infrastrukturasi rivojlanishi, ularning yirik megapolislarga aylanishi aholi uchun yanada sifatli turmush darajasi, ayniqsa, piyodalar uchun, sayr qiluvchilar uchun zarur qulayliklar yaratishni talab etadi. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar ko’lami kengaymoqda. Ushbu seminar-trening ham shahar me’morchiligi loyihalarini amalga oshirishda aholining yaxshi yashashi va faoliyat olib borishi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida jahon tajribasini o’rganish maqsadida tashkil qilindi. 
Yan Geylning so’zlariga ko’ra, zamonaviy jahon arxitekturasi odamlarning qulay yashashi va harakatlanishiga moslashtirilgan bo’lishi lozim. Yashil maydonlarni ko’paytirish, velosiped yo’laklari tarmog’ini va piyodalar zonasini rivojlantirish bu borada eng keng tarqalgan va samarali usullardandir. Infratuzilmasi tobora rivojlanib borayotgan shaharlar ko’cha va maydonlarini piyodalarga qaytarish zarur, boshqacha aytganda, avtomobillarning to’xtab turish joylari, ularning tirbandligi aholi hayoti uchun noqulayliklar tug’dirmasligi lozim. 
Samarqand yam-yashil xiyobonu maydonlarga, bog’-rog’larga boy shahar ekanini alohida ta’kidlashni istardim, – dedi Yan Geyl. – Bu aholi uchun yanada qulay va sifatli turmush sharoitini yaratishga xizmat qiladigan omillardan. Shaharlarning aholi uchun qulay tarzda barpo etilishi mamlakatga kelayotgan sayyohlar oqimini ko’paytirishga ham xizmat qiladi. Zero, har qanday odam turmush tarzida, ko’chalarda harakatlanishi jarayonida qulaylikka intiladi.
Tadbir davomida Yan Geyl shaharlar arxitekturasini rivojlantirishda inobatga olinishi va amalga oshirilishi zarur bo’lgan choralar yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Seminarda ishtirok etgan professor-o’qituvchilar va talabalar shahar infrastrukturasining rivojlanishi, yo’l-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilishiga oid o’zlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.