Tinchlik – eng oliy ne’mat
2018 yil 16 oktabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida “Tinchlik – eng oliy ne’mat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b. O‘.J.Xudayarov, Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati borqarmasi mas’ul xodimi J.Shukurov, Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari S.Usmonov, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB XPG TP profilaktika katta inspektori B.Napasov, Samarqand shahar Kamoliddin jome’ masjidi imomi I.Absalomov, fakultet dekani o‘rinbosarlari, guruh rahbarlari, o‘qituvchilar hamda 230 nafar talaba-yoshlar ishtirok etishdi.Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b. O‘.J.Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilish mavzusi hamda taklif etilgan mutasaddi tashkilot vakillari bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng, so‘z navbatini milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati borqarmasi mas’ul xodimi J.Shukurovga berdi.J.Shukurov o‘z so‘zida “Ommaviy madaniyat”ning hayotimizga bostirib kelishida dastlab ommaviy axborot vositalari asosiy rolni o‘ynayotgani, zamonaviy audio-videotexnikalar, ovoz yozish va kuchaytirgich asboblarini yuzlab turlari “Ommaviy madaniyat” mahsulotlari reklamasi bilan kun ko‘rayotganini aytib o‘tdi. Bu ommaviy tus olgach, bir muncha nazorat yo‘qolib, oqibatda past saviyadagi yoshlar ma’naviyatiga ta’sir qiluvchi turli xurujlar ko‘payib ketdi. Bugun nafaqat tegishli muassasalarining balki, bu muammo bugungi jamiyatimizning muammosiga aylandi. Shuning uchun ham barchamiz ushbu muammoga qarshi kurash olib borishimiz taqozo etiladi.Yoshlarimizning aksariyat qismi davr ruhini to‘g‘ri his etmoqda. Yigit-qizlardagi yangi g‘oyalar, texnika, texnologiyani egallashga bo‘lgan intilish, ularni yaratish yo‘lidagi harakatlar ko‘nglimizni to‘ldirmoqda. Ayni paytda, yoshlarda aql va farosatning mutanosibligini ta’minlashga bo‘lgan ehtiyoj jamiyat barqarorligini mustahkamlovchi omil sifagida baholanishi mumkin. Shuningdek, yoshlarda ijtimoiy-siyosiy faollikning ortib borayotgani, ijtimoiy mo‘ljal fenomeniga nisbatan intilishning kuchayishi, jamiyatdagi ayrim salbiy nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar mamlakat va millat taraqqiyotining omili sifatida tan olinmoqda.Darvoqe, dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Shunga muvofiq ravishda siyosatlar, munosabatlar, dunyoqarashlar, qadriyatlar ham o‘zgarmoqda. Bir mamlakat va millat uchun fazilat sanalgan narsa boshqalar uchun illat bo‘lib chiqishi ham mumkin. Voqealarning bunday tus olishi barchamizni ogohlikka chorlashi lozim. Insoniyatni bunday tubanlik va qabohatdan tom ma’noda saqlab qoladigan kuch sifatida maydonga milliy ma’naviyat chiqmoqda. Yagona to‘g‘ri yo‘l ham aslida shu.
Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari S.Usmonov bugungi kunda xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolar, ayrim mintaqalarda iqtisodiy nochorlik, ishsizlik, qashshoqlik kuchayib borayotgani butun insoniyatni qattiq xavotirga solayotgani, ayniqsa, keyingi paytda turli mamlakatlarda sodir etilayotgan terrorchilik harakatlarining ijrochilari qatorida millatimizga mansub kimsalar ham borligi xalqimizda afsus va nadomat uyg‘otayotganini ta’kidlab o‘tdi.Hozirgi vaqtda yoshlar, ayniqsa, chet elda ishlab, halol mehnat bilan daromad topaman, deb yurgan fuqarolarimizni terrorizm va ekstremizm changaliga tushib qolmasligi uchun hukumatimiz tomonidan barcha choralar ko‘rilmoqda.Jumladan, Muhtaram Prezidentimiz topshiriqlariga asosan turli diniy oqimlarga boshqalar ta’sirida yoki yoshlik qilib, oqibatini bilmasdan kirib qolganlar, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytgan, adashganini anglab etgan shaxslar bo‘yicha alohida ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida bugungi kunga qadar 1749 nafar fuqarolarning 1625 nafari maxsus hisobdan chiqarilgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Respublikamizda qonunlarni aniq bajarilishi yuzasidan prokuratura xodimlari tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlar haqida ma’lumot berdi.Shundan so‘ng, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB XPGTP profilaktika katta inspektori B.M.Napasov so‘zga chiqib, o‘z ma’ruzasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni kamaytirishda xalq bilan yuzma-yuz muloqot tarzidagi huquqiy targ‘ibot tadbirlari muhim o‘rin tutayotganini aytib o‘tdi. Binobarin, aholi orasida, ta’lim muassasalarida jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni tadbirlari o‘tkazib kelinayotgani bu boradagi sa’y-harakatlar samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil boshidan boshqarmamiz tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari bilan hamkorlikda tashkil etib kelinayotgan bunday keng ko‘lamli tadbirlarda juda ko‘plab huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, mahalliy hokimlik va jamoat tashkilotlari vakillari faol ishtirok etdi.Profilaktika kuni tadbirlarida oilalardagi salbiy ijtimoiy-ma’naviy muhit sabablarini o‘rganish va tegishli choralar belgilash, jamoat joylarida tartib-qoidalarga rioya etilishi, fuqarolar o‘rtasidagi yer va mol-mulkka doir mojarolar, avtotransport vositasidan foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish kabi va yoshlar o‘rtasida vujudga kelayotgan ma’muriy huquqbuzarlik va qoidabuzarliklar profilaktikasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand shahar “Kamoliddin” jome’ masjidi imomi I.Absalomov keyingi vaqtda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm xavfi butun jahon ahlini tashvishlantirayotgan jiddiy muammoga aylanganini aytib o‘tdi.Ekstremizm qaysi shaklda bo‘lmasin, u muayyan tafakkur uslubiga asoslanadi. Bunday uslub inson fe’l-atvoridagi shaxsiyatparastlik, xudbinlik, ijtimoiy begonalashuv holatlarining ta’sirida yuzaga keladi. U muayyan ijtimoiy va insoniyat olamidagi ziddiyatlar, jamiyatdagi voqealarni noto‘g‘ri idrok etish, anglash va baholash oqibatida shakllanadi. Qolaversa, jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillarining buzilishi, qonun-qoida va ijtimoiy axloq me’yorlariga rioya qilinmasligi, mahalliychilik, qarindosh-urug‘lik, tanish-bilishchilik, korrupsiyaning avj olishi ham siyosiy ekstremizm, hokimiyat asoslarini yemirib, mavjud siyosiy tuzumga qarshi vayronakor g‘oya va qarashlarning paydo bo‘lishiga sharoit yaratadi va oxir-oqibat ekstremistik xatti-harakatlarni keltirib chiqaradi. Shu ma’noda ekstremizm qanday shakl va ko‘rinishda bo‘lmasin, ijtimoiy nosog‘lom muhit va munosabatlar mahsulidir desak, xato bo‘lmaydi.Tadbir yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori v.b. O‘.Xudayarov tadbir tashkilotchilariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratilganligini ta’kidladi.