Yangi 2018-2019-o’quv yiliga tayyorgarlik ko’rilmoqda

 Vaqt bizni eng aziz, eng ulug’ ayyom Mustaqillik bayrami nishonlanadigan qutlug’ sanaga tobora yaqinlashtirmoqda.  Shu kunlarda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti jamoasi ham Mustaqillikning 27 yilligini munosib kutib olish maqsadida yanada shijoat va ko’tarinki kayfiyatda faoliyat olib bormoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning  2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 3775-sonli qarori hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 7 iyundagi 504-sonli “Oliy ta’lim muassasalarining yangi 2018-2019 o’quv yiliga samarali tayyorgarlik ko’rish ishlarini tashkillashtirish to’g’risida”gi buyrug’iga asosan institutda amalga oshiriladigan“Yo’l xaritasi” ishlab chiqildi.


“Yo’l xaritasi”da belgilangan choralarni jadallik bilan amalga oshirish, bajarilgan ishlarni nazorat qilish asosida aniqlangan ayrim kamchiliklarni o’z vaqtida bartaraf etish, qo’shimcha choralarni ko’rish masalalariga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Yangi o’quv yiliga tayyorgarlik ko’rish va o’quv jarayonini sifatli tashkil etishni ta’minlash bo’yicha institutning barcha fakultetidagi  kafedralarning ishchi o’quv reja va ishchi fan dasturi, namunaviy o’quv rejasi, auditoriyalarning yangi o’quv yiliga tayyorgarlik holati, ma’ruzalarning elektron shakllari, kafedralarning reyting nizomi, kabi masalalar ko’rib chiqildi.
Barcha fanlardan ishchi fan dasturlarining elektron va qog’oz varianti tayyorlab qo’yildi. Fanlar bo’yicha namunaviy dasturlarda keltirilgan asosiy adabiyotlar ro’yxati shakllantirilib, yetishmayotgan adabiyotlarni olib kelish va to’ldirish chora tadbirlari ko’rilmoqda.2018-2019 o’quv yili jarayonida hamkor xorijiy OTMlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Bu borada xorijiy oliy ta’lim muassasalarining tajribalarini o’rganish, ularni institutga tashrifini ta’minlash  ko’zda tutilmoqda. Albatta, chet ellik mutaxassislar bilan CamDAQI professor-o’qituvchilari hamda talabalari hamkorligini rivojlantirishda ularning biror chet tilini mukammal bilishlari maqsadga muvofiqdir. Ana shu maqsadda yangi o’quv yilida chet tillarini o’qitish va o’rgatishga muhim vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Institutda xalqaro hamkorlik yaxshi yo’lga qo’yilgan bo’lib, yangi o’quv yili jarayoniga rivojlangan mamlakatlardagi arxitektura va qurilish institutlarining professor-o’qituvchilarini jalb etish rejalashtirilgan. Shuningdek, SamDAQI  professor-o’qituvchilari va talabalaridan bir qanchasini malaka oshirish va o’qish uchun chet elga yuborish rejalashtirilgan. O’z navbatida talabalarimiz ham xorijdagi nufuzli arxitektura va qurilish  oliygohlarida ta’lim olib qaytadilar.
Yangi o’quv yilida o’quv labaratoriya xonalari va auditoriyalarning bir qismini jihozlashga alohida e’tibor qaratildi.    Bundan tashqari dars mashg’ulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida olib borish maqsadida auditoriyalar kompyuter jihozlari va proyektor bilan ta’minlanmoqda.   Fakultetlarlardagi mavjud o’quv va labaratoriya vositalari yaroqliligi bo’yicha tekshirilib, ta’mirtalab mebel va jihozlar, texnik vositalar yangi o’quv yiliga shay holatga keltirilib qo’yildi

SamDAQI matbuot kotibi