“Xotin-qizlar huquqi-davlat himoyasida!”

#suhbat

2021 yil 3 noyabr kuni institut faollar zalida 2-sonli va 4-sonli talabalar turar joyida yashaydigan talaba qizlari bilan “Xotin-qizlar huquqi-davlat himoyasida” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi. 

Tadbirda Samarqand shahar boʻyicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish huquqbuzarlik profilaktikasi boʻlimi xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor, podpolkovnik Xatamova Dildora, yoshlar va voyaga yetmaganlar huquqbuzarlik profilaktikasini tashkil etish guruhi katta inspektori mayor Axrorov Erkin, institut xotin-qizlar maslahat kengashi raisi M.Boboqulova, yoshlar bilan ishlash va maʼnaviyat-maʼrifat boʻlimi boshligʻi Ch.Xushmurodova, psixolog S.Otayorovlar qatnashdilar.

Tadbirni M.Boboqulova kirish soʻzi bilan ochib, Xotin-qizlarning huquqiy manfaatlari davlat himoyasida ekanligi, yaʼni davlatimizning qonunlari va farmon farmoyishlari orqali ayolga boʻlgan munosabati haqida tushunchalar berdi.

Podpolkovnik D.Xatamova xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy-maishiy zoʻravonlikni profilaktika qilish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qarori Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarni yoritib berdi va bu qonunga rioya etmagan aybdor shaxslar belgilangan tartibda javob berishi, Gender tenglik hamda xotin qizlarning tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadidagi “Himoya orderlari” haqida keng qamrovli tushunchalar berdi.

Mayor E.Axrorov Respublikamizda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik, hamda xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarliklar haqida qiyosiy-statistik maʼlumotlarni yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.

Institut psixologi S.Otayorov talaba-qizlarga har qanday vaziyat va holatlarda stress-tushkunlikka tushmaslik yoʻllari haqida psixologik maslahatlar bilan bo‘lishdi.

Tadbir davomida qizlar mutaxassislar tomonidan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

 

  

  


SamDAQI Axborot xizmati