XALQARO HAMKORLIK. BMTU DELEGATSIYASI TASHRIFI HAQIDA
#SamDAQI #BMTU #xalqaro_hamkorlik
Xabaringiz bor Samarqandga BMTU rektori Xaritonchik Sergey Vasilyevich boshligidagi delegatsiya tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.
Tashrifning ilk kunida BMTU delegatsiyasi avvaliga Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rahbariyati bilan ikki mamlakat hamkorligi asosida ochilgan qo‘shma ta’lim dasturining o‘quv jarayoni to‘g‘risida muhokamalar olib bordi.
Rahbariyat bilan bo‘lgan muzokaralarda mavjud kamchiliklarni o‘rganish va uni bartaraf etish, shuningdek qo‘shimcha yangi ta'lim yo‘nalishlarini ochish masalasi bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Kun tartibidagi rejaga asosan SamDAQIning qo‘shma ta’lim dasturi doirasida ta’lim olayotgan talabalar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
BMTU rektori Xaritonchik Sergey Vasilyevich universitet va talabalar hayoti to‘g‘risida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berib o‘tib, hurmatli talabalar va ularning ota-onalari bilan shaxsan ko‘rishib turganidan mamnun ekanligini bildirdi.
Sizga ma’lumki qo‘shma ta’lim doirasida ta’lim olayotgan talabalar ta’limning birinchi ikki yili SamDAQIda, keyingi bosqichlari xorijiy oliy ta’lim muassasasida davom ettiriladi. Xorijiy universitetlarda o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgan talabalar SamDAQI va xorijiy hamkor universitetlarning ikki tomonlama (double degree) diplomiga ega bo‘ladilar.
Ho‘sh, SamDAQIning ikkinchi bosqichini tugatgan talabalar xorijda ya’ni BMTUda o‘qishni davom ettirish uchun qanday hujjatlar kerak bo‘ladi? Xorijlik talabalar uchun universitetda qanday sharoitlar yaratilgan? Kunlik va yillik harajatlar qancha bo‘lishi mumkin?
Uchrashuv davomida BMTU delegatsiyasi tarkibidagi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shirvel Pavel Ivanovich, BMTU xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Yablonskaya Anna Vladimirovna, Muhandislik ta’limi va o‘quv jarayonini rivojlantirish markazi boshlig‘i Sidorov Sergey Alekseyevich talabalar va ularning ota-onalari tomonidan yuqoridagi mavzu doirasida berilgan barcha savollarga batafsil javob berib o‘tdilar.
Uchrashuvdan so‘ng tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alari bilan almashdilar.
Ota-onalar bilan yaqindan suhbat. Jarayon. Foto.
.
Tashrif yakunida BMTU delegatsiyasi a’zolari qo‘shma ta’lim doirasida o‘qiyotgan talabalarning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishdilar hamda hozirgi kunlarda kapital ta’mirlash ishlari yakuniga yetib qolgan SamDAQI bosh binosining yangi qiyofasini, yangi binoda yaratilayotgan sharoilatni ko‘zdan kechirdilar.
Tashrif yakunlandi.
SamDAQI Axborot xizmati