TAʼLIM TIZIMIDA MAʼNAVIYATNING AHAMIYATI

#munosabat

Maʼlumki, mamlakatimizda yoshlarning taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor qaratish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Shu sababli ham oʻqituvchilar oʻz ustida tinimsiz mehnat qiladilar, ilm-fan yangiliklaridan boxabar boʻlib boradilar.

Ammo, mutaxassisligidan qatʼiy nazar har bir oʻqituvchida boʻlishi kerak boʻlgan yana bir mezon borki, uni aslo bahonalar bilan inkor etib boʻlmaydi. Bu mezon - maʼnaviyat!

Oʻqituvchi, avvalo, maʼnan yetuk, masʼuliyatli va talabchan boʻlmogʻi lozim. Zero, oʻqituvchi nafaqat talabaning taʼlimi, balki, tarbiyasiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazishi kerak.

Taʼlimni tarbiyadan tarbiyani esa taʼlimdan ajratib boʻlmaydi deb bejizga aytilmagan.

Shu sababli ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligidagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni, ruhi maʼnaviyatdir. Chunki maʼnaviy asoslarsiz, maʼnaviy negizlarsiz, maʼnaviy qadriyatlarsiz, maʼnaviy-milliy ruhsiz hech bir davlat oʻzining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, oʻqituvchining birinchi vazifasi tarbiya bermoqdir. Shu bilan bir qatorda taʼlim ham. 

Dars mashgʻulotlari jarayonida bu ikki jihat birlashgandagina jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshuvchi, haqiqiy ilmli va komil insonlar yetishib chiqadilar.

Taʼlim - tarbiyaning bir qismi sifatida aqlni rivojlantiradi va sayqallashtiradi. Natijada u insonlar hayotida kerak boʻladigan ilmu maʼrifatni, turli maʼlumotlarni oʻrganadi. Lekin tarbiyaga oʻxshab keng qamrovli boʻla olmaydi. Chunki taʼlim insonni ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarini birdek qamrab ololmaydi. Shuning uchun ham taʼlim va tarbiya doimo birga boʻlishi talab etiladi.

Oʻqituvchi qachon maʼnaviyatga, maʼrifatga alohida eʼtibor qaratadi, qachonki, uning oʻzi maʼnaviyatli boʻlsa.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, yosh avlodni oʻqitish jarayonida faqatgina oʻz mutaxassisligi boʻyicha emas, balki maʼnaviy-axloqiy sifatlarga ham alohida eʼtibor qaratgan oʻqituvchi haqiqiy mahorat egasidir.

Orif XAITOV
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor


SamDAQI Axborot xizmati