“Talabalik baxti” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
2018 yil 17 sentabr kuni birinchi kurs talabalarini institutdagi mavjud shart-sharoitga ko‘niktirish, adaptatsiya jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha arxitektura fakulteti va qurilishni boshqarish fakultetlarining birinchi kurs talabalari ishtirokida institut faollar zalida “Talabalik baxti” deb nomlangan tadbir bo‘lib o’tdi.
Tadbirda institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori v.b. O‘.Xudayarov so‘zga chiqib, talabalarni yana bir bor ularni oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lganligi bilan tabriklab, O‘zbekiston hududida juda qadim zamonlardan beri ilm-fanga qiziqish yuqori bo‘lganligini, ilm-fanning turli sohalari bilan shug‘ullanib, ulkan yutuqlarga erishgan mutafakkir va olimlar yetishib chiqqanligini, ular tomonidan fan sohasida juda ko‘plab yangiliklar yaratilganligini, biz ham ana shu buyuk mutafakkir va olimlarning avlodlari ekanligimizni, bugun birinchi kursga qabul qilingan talabalar orasidan kelajakda ko‘plab olim, yetuk mutaxassislar yetishib chiqishini hamda ular tomonidan ilm-fanda juda ko‘plab yangiliklar yaratilishi, ixtirolar qilinishini aytib, bu yo‘lda ularga ulkan muvaffaqiyatlar tilashini bildirib o‘tdi.
Shundan so‘ng, tadbirda birinchi bosqich talabalari “Talabalik qasamyodi”ni qabul qilishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori E.Isakov birinchi kursga qabul qilingan talabalarni talaba bo‘lganliklari bilan qutlab, ularning o‘qishlariga muvaffaqiyat tilash bilan birgalikda, ular bilim olish jarayonida turli ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari, ilmiy yangiliklar yaratishlari mumkinligini, bu jabhada ularga institutda keng imkoniyatlar yaratilganligini bildirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan institut moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor A.Rajabov o‘z so‘zida bu yil institutda ajratilgan qabul kvotasi 775 tani tashkil etib, hujjat topshirgan abiturientlar soni 7700 tani tashkil etganligi, bu yerda o‘tirgan talabalar o‘z bilimlari tufayli talabalik baxtiga muyassar bo‘lganliklarini aytib, ularning o‘qishlariga muvaffaqiyatlar tiladi hamda ana shunday jo‘shqinlikni saqlab qolishlariga tilakdosh ekanligini bildirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan institut professori E.Muxammadiyev talabalarni tabriklab, ularga kasb etikasiga rioya qilishlari kerakligini, bu ularga kelgusida juda katta yordam berishini, mutaxassislikni o‘rganishga mustahkam kirishishlari lozimligini, kelgusida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun nimalarga e’tibor qaratishlari lozimligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda kirish testlari va ijodiy imtihonlarda yuqori ball to‘plagan talabalarga talabalik guvohnomasi va reyting daftarchalari institut prorektorlari tomonidan taqdim etildi.
Tadbir so‘nggida talabalar tomonidan kuy, qo‘shiq va raqslar ijro etildi.