“Jinsiy aloqa orqali yuqadigan teri va tanosil kasalliklari” mavzusida suhbat o‘tkazildi
2016 yil 12 aprel kuni institut faollar zalida “Sog‘lom ona va bola yili” ga bag‘ishlab “Jinsiy aloqa orqali yuqadigan teri va tanosil kasalliklari” mavzusida suhbat o‘tkazildi. Suhbatni Samarqand davlat tibbiyot instituti “Teri va tanosil kasalliklari” kursi assistenti Kamolov Ilyos Samsiddinovich olib bordi. Suhbatda 300 dan ziyod talabalar ishtirok etishdi. O‘tkazilgan suhbatda quyidagilar ta’kidlandi.
Hozirgi vaqtda jinsiy yo‘l orqali yuquvchi kasalliklarning 20 dan ziyod quzg‘atuvchisi ma’lumligi, bunday kasalliklar yuqori darajada ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy kasalliklar hisoblanishi, bu ularning nafaqat keng tarqalganligi, balki bemor organizmi uchun ham, umuman jamiyat uchun ham og‘ir asoratlar berishi tushuntirildi.
Bunday kasalliklarni yuqtirish yoshlar o‘rtasida ortib borayotganligi, kasalliklarni yuqtirib, noto‘g‘ri davolanish, chala davolanish natijasida bepushtlik muammolarining ko‘payib borayotganligi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga talabalarga bunday kasalliklarni yuqtirmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilish, muntazam sport bilan shug‘ullanish, bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish kerakligi o‘qtirildi.