SHAKAR AHADOV XOTIRASIGA BAG‘ISHLANADI
Ustozning ezgulikka yoʻgʻrilgan hayot yoʻliga nazar solsak, yarim asrga teng vaqtini ilmga baxshida etib, mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy – madaniy va diniy sohalariga doir tarixiy saboqlarni bugungi taraqqiyotimiz uchun tadbiq va tadqiq etganligi, taʼlim-tarbiya va maʼnaviy-maʼrifiy sohada talaba yoshlar qalbi va ongini milliy mentalitetimizga xos xususiyatlar bilan boyitishda jonbozlik koʻrsatib faoliyat olib borganligini koʻramiz.
“Har kuni, har soatda fidoiy boʻlish, oʻzini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay, tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish-haqiqiy qahramonlikdir”, - degan edilar birinchi Prezidentimiz Islom Abdugʻaniyevich Karimov.
Ana shu taʼrif, ana shu oʻxshatish, ana shu qahramonlik ustoz Shakar Ahadovga ham xosdir.
Institutimizdagi ilmiy faoliyati juda salmoqli. Kafedra mudiri sifatida, mustaqillikning ilk yilida, yaʼni, 1991 yilda doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olganidan buyon, institut professori sifatida tinimsiz izlanishda boʻlib 400 dan ortiqroq ilmiy maqolalar, ilmiy uslubiy qoʻllanmalar, 25 dan ortiq risola va tarixiy monografiyalar yaratishga, kafedra tomonidan oʻzlari tashabbus bilan 14 marta Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil qilish va oʻtkazishga muvaffaq boʻldilar.
Shuningdek ustoz, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Samarqand boʻlimi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” boʻlimi boshligʻi, OʻzFA Samarqand boʻlimi Mintaqaviy muammolar kompleksi Ilmiy tadqiqot instituti qoshidagi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” boʻyicha ilmiy muammolarni koordenatsiya va ekspertizatsiyalash mintaqaviy Ilmiy kengash raisi, OʻzFA Samarqand boʻlimi Ilmiy kengashi aʼzosi, SamDAQI ilmiy koordinatsion kengash raisi va SamDAQI Ilmiy kengash aʼzosi, Respublika “Amir Temur” fondi viloyat boʻlimining rayosat aʼzosi sifatida ham keng qirrali ilmiy faoliyat olib bordilar.
Ayniqsa, ustoz keksayib qolgan boʻlishiga qramay 2012-2017-yillar oraligʻidagi ilmiy faoliyati yanada salmoqli boʻlganligini qator ilmiy, tarixiy risolalari, monografiyalari orqali bilishimiz mumkin. Jumladan, 2012 yilda Samarqand “Zarafshon” nashriyotida chop etilgan “Maʼnaviyatimiz daholarining inntellektual salohiyati” nomli manbaviy koʻrsatmali monografik qoʻllanmasida Vatanimizning moddiy va maʼnaviy madaniyatini yaratib, uni jahon xalqlari umuminsoniy taraqqiyoti darajasiga koʻtara olishda buyuk xizmatlari boʻlgan, jahon xalqlari madaniyatidan munosib oʻrin olgan vatandoshlarimiz haqida, ularning ilm-fan, madaniyat rivojida milliy maʼnaviyatimizning yuksak namunalarini yaratishdagi xizmatlariga tasnif berilib tahlil qilingan.
Shakar Ahadovning yana bir salmoqli tarixiy risolasi 2013-yil Toshkent, “Navro‘z” nashriyotida chop etilgan, milliy maʼnaviyatimizning yirik namoyondalaridan biri - islom dunyosida qalandarlik (darveshlik) so‘fiylik tariqati sardorlaridan koʻzga koʻringan tashkilotchi rahbarlaridan boʻlgan, islom tasavvuf taʼlimoti, naqshbandiya tariqati targʻibotchisi sifatida tanilgan, ilmiy tasavvuf bilimdoni, maʼnaviy-maʼrifiy fazilatlarga boy boʻlgan, valiylik darajasiga yetgan, vahiylik karomatlari sohibi Xoji Safo (Faxriddinshox) Vali Hazratlari haqida ilk marta manbalar asosida nashr qilingan risola ekanligi bilan diqqatga sazovordir.
Hazrat Xoji Safoi Valining bugungi maʼnaviy kamolot bo‘stonining buyuk yaratuvchisi sifatida koʻrsatgan faoliyatlarining 300 yilligi munosabati bilan Shakar Ahadovning tashabbuslarini viloyat hokimligi qoʻllab-quvvatlab hududiy ilmiy-amaliy anjuman tashkil etilganligidan koʻpgina kitobxonlarimiz, ilm ahli xabardor.
2014 yilda “Xoji Safoi Vali Hazratlarining zamondoshlari, shogirdlari va avlod-ajdodlari qalbida barhayotligi va uning yoshlarni barkamollik ruhida tarbiyalashdagi roli” mavzusida yozilgan (2 kitob) monografik tarixiy asar ham ustoz Shakar Ahadov tomonidan chop etilib, uning dovrugʻi xorijiy mamlakatlarda yashayotgan Xoja Safoi Vali Hazratlarining avlodlarigacha yetib bordi va ushbu asar xorijda ham qayta chop etildi. Ustozning 2015 yilda “Mirzo Ulugʻbekning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati va Abdulatifning padarkush emasligi” nomli ilmiy risolasi chop etilib, tarixning oʻz haqiqatini kutib sargʻayayotgan yana bir sahifasi ilmiy asoslanib, qayta yangilandi. Mazkur masalaga doir, yaʼni “Mirzo Ulugʻbekning maʼnaviy-madaniy, ilmu fanda, falakshunoslik faoliyati namunasida yoshlarni Vatanga muhabbat tuygʻusi ruhida tarbiyalashning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi 2015 yilning 11-12-sentyabr kunlari oʻtkazilishi mamlakatimiz tarixida yana bir yorqin sarlavha boʻldi. Unda Respublikamiz oliy oʻquv yurtlaridan 150 dan ortiq olimlar ishtirok etib, Abdulatifni padarkush emasligini asoslab bergan Shakar Ahadovni qoʻllab-quvvatlab, ushbu mavzuga bagʻishlangan 180 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar bilan toʻplam chop etildi.
Umrining soʻnggi nafasigacha ustoz olim izlanishdan bir daqiqa boʻlsada chekingani yoʻq.
Tarix tajribasi shundan dalolat beradiki, oʻz xalqiga, uning anʼanalariga, tili va madaniyatiga muhabbat va hurmatni tarbiyalamasdan turib, haqiqiy insonni tarbiyalash mumkin emas.
Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon boʻladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va avlodlardan-avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishilaridan biridir”.
Ana shu haqiqatni koʻngliga jo qilgan tarixchi olim Shakar Ahadov buyuk tariximizni oʻrganilmagan, tadqiq etilmagan qirralarini ochishga, ilmiy tahlil qilishga, oʻtmishda yashab oʻtgan diniy va dunyoviy avliyolar, piru-ustozlarning hayotiy faoliyatlarini, maʼnaviy-maʼrifiy fazilatlarini, yoʻqolib ketayozgan ilmiy meroslarini tadqiq etishga va ulardan kelajak avlodlarni bahramand qilishga butun umrini, faoliyatini sarf etdi.
Ayniqsa, Shakar Ahadov keyingi ikki yil davomida “Xo‘ja Hofiz Merosiy hazratlarining hayotiy faoliyati, maʼnaviy – maʼrifiy va madaniy fazilatlari haqida mulohazalar” nomli tarixiy monografiyasini 2018 yilning 7 yanvarida tugatib, oxirgi nuqtani qoʻydi. Ushbu monografiya Oʻzbekiston Musulmonlar idorasida keng muhokama qilinib, chop etishga tavsiya qilindi.
Ammo Shakar Ahadov, bu asar bilan umrini, ilmiy faoliyatini oxiriga yetkazmoqchi emasdi. Ustozning shogirdi Adolat Ziyotova bilan birgalikda “Amir Temur, temuriylar ijtimoiy-siyosiy faoliyatlariga ziddiyatda boʻlgan diniy, siyosiy kuchlar harakatining salbiy oqibatlari va ularga qarshi kurashning hozirgi davr taraqqiyoti uchun tarixiy saboqlari” nomli asarining qoʻlyozmasi ham tayyor boʻlgandi. Uni nashrga berib undan xalqimizni bahramand qilishga afsuski domla ulgurmadilar. Albatta bu noyob izlanishlar natijasini shogirdlar, farzandlar poyoniga yetkazadilar.
Ustozning ilmiy faoliyati, salmoqli mehnatlari beiz ketmadi. “Oliy taʼlim aʼlochisi”, “Mehnat faxriysi”, “Mustaqillikning 15 yilligi”, “Mustaqillikning 20 yilligi” medallari bilan munosib taqdirlandi. Olimning serqirra ilmiy faoliyati nafaqat institutimizda, nafaqat Samarqandda, nafaqat mamlakatimizda, balki hatto xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilib, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Taʼbir joiz boʻlsa, inson umri oqar daryo, u yurgan yoʻllarida oʻzanlar, ariqlar ochib, bo‘ston yaratib, qaqroq yerlarga hayot baxsh etib ketaveradi. Shakar Ahadovning umri ham azim daryoga oʻxshaydi. Olimning 82 yoshgacha oʻtgan umrini sarhisob qilingan yillarga nazar tashlarkansiz, uning ibratomuz qirralari koʻpligini koʻrasiz. Uning koʻp qirrali fazilatlari, istak va maqsadlari bilimdon shogirdlarni, mutaxassislarni yetishtirishga, ilm-fan taraqqiyotiga, jamiyatimiz rivojiga qaratilganligini guvohi boʻlasiz.
Shakar Ahadov oʻzidan ulkan maʼnaviy, maʼrifiy, tarxiy meros qoldirdi. Bu ilm xazinasidin kelajak avlod bahramand boʻlishi uchun biror daqiqa charchamadi, orom bilmadi. Bugun yana qancha mukofotlarga, eʼtiroflarga, xalqaro miqyosdagi akademiklik faxriy unvonlariga loyiq boʻlgan ustozning barcha yaqinlariga, jamoadoshlariga, kafedradoshlariga, shogirdlariga, farzandlariga va butun oila-aʼzolariga chuqr hamdardlik bildiramiz va ustozning nomi mangu barhayot boʻlib, oxiratlarini obod boʻlishini chin dildan istaymiz.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi jamoasi
SamDAQI Axborot xizmati