“2017-2020 YILLAR DAVOMIDA ERASMUS+DASTURINING OLIY TA’LIM MUASSASALARIDA SALOHIYATNI OSHIRISH YO‘NALISHIDAGI “DSINGIS: GEOINFORMATIKA SOHASIDA DOKTORANTURA” XALQARO LOYIHASI DOIRASIDA OLIB BORILAYOTGAN ISHLAR” MAVZUSIDAGI ILMIY-AMALIY SEMINAR

2019 yilning 9 aprel kuni Samarqand shahrida  “2017-2020 yillar davomida Erasmus+ dasturining DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorontura”  xalqaro loyixasi doirasida olib borilayotgan ishlar” mavzusidagi ilmiy – amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Samarqand viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Samarqand viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi xizmati, “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti Samarqand bo‘linmasi, Samarqand aerogeodeziya davlat korxonasi, “UzGASHLITI” DUK Samarqand filiali, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti xodimlari qatnashdilar.Ushbu ilmiy – amaliy seminar ochilish marosimini  Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, loyiha koordinatori Isakov Erkin Xo‘jayorovich o‘z nutqi orqali ochib berdi.

E.X.Isakov o‘z nutqida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida hozirgi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, milliy va xalqaro loyihalar va innovatsion ishlanmalar to‘g‘risida, jumladan “Geodeziya va kartografiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etishayotgan “DSinGIS” loyihasi va loyihaning bugungi kundagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.So‘ngra so‘z Samarqand viloyati Yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i muovini Jamanov Fozil Jamanovichga berildi.U “Samarqand viloyati Yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasining faoliyati, kelgusidagi rejalari va xalqaro aloqalari” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, ma’ruzachi ushbu seminar va xalqaro loyihaning kelgusidagi faoliyatiga omad tiladi.

Loyihaning milliy koordinatori Abduraxmanov Ilxom Isakovich “DSinGIS” loyihasi, uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar” nomli ma’ruzasida loyihaning maqsad va vizafalarini batafsil yoritib berish bilan bir qatorda, loyihada tashkiliy masalalar qanday yo‘lga qo‘yilganligi, chet el hamkor OTMlariga tayanch doktorantlarning qay tartibda malaka oshirish kurslariga yuborilishi, xususan, birinchi va ikkinchi chaqiriq davomida kimlar tanlab olinganligi va ularning erishgan yutuqlari to‘g‘risida seminar qatnashchilariga batafsil ma’lumotlar berdi.Bundan tashqari, I.I.Abduraxmonov o‘z nutqida loyihaning asosiy maqsad va vazifalari haqida qisqacha aytib o‘tish bilan bir qatorda asosiy e’tiborni ishlab chiqarish korxonalari bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. I.I.Abduraxmonov “DSinGIS” loyihasi doirasida ochilgan yangi PhD dasturi va uning spetsifikasi, 18 ta maxsus Geoinformatika sohasiga oid zamonaviy kurslarning yaratilayotganligi, kurslarning “Moodle” tizimi orqali o‘qitilishi haqida aytib o‘tdi. Shuningdek barcha kurslar tayyor bo‘lgandan keyin ularni nafaqat loyihada qatnashuvchi PhD tayanch doktorantlari balki ishlab chiqarish ilmiy institutlaridagi shu kurslarga qiziqqan barcha ilmiy izlanuvchilar ham o‘qishlari mumkinligini, negaki keyinchalik barcha 18ta kurslar ochiq manba sifatida jamoatga taqdim etilishi haqida ta’kidlab o‘tdi. Qolaversa loyiha doirasida maxsus qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazi, hamda loyiha doirasidagi barcha o‘zbek hamkor OTMlarida elektron ta’lim markazlari ochilishi va loyiha mablag‘lari hisobiga u yerga barcha kerakli jihozlar sotib olinishi to‘g‘risida alohida gapirib o‘tdi.

Shuningdek, TIQXMMI tayanch doktoranti Mamatqulov Zohid Jonqobilovich ham o‘zining “DSinGIS” loyihasi doirasida Vengriyaning Obuda universitetiga amalga oshirgan ilmiy malaka oshirish tashrifi” nomli prezentatsiyasida GIS sohasida Yevropa tajribasi haqida ma’lumot berdi va seminar ishtirokchilarining savollariga javob berdi. “O‘zdavyerloyiha” DILI Samarqand bo‘linmasi direktori Babanazarov Sohibjon Farhodovich so‘zga chiqib bo‘linmada hozirgi kunda olib borilayotgan ishlar, xususan chet el oliy ta’lim muassasalari bilan o‘rnatilayotgan hamkorliklar va kelgusidagi rejalari hamda “DSinGIS” loyihasi doirasidagi hamkor OTMlari bilan xam kelajakda birgalikda yanada samarali hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish kerakligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.Shundan so‘ng, “UzGASHLITI” DUK Samarqand filiali direktori Bekbaev G‘ulom Karimovich so‘zga chiqib hozirgi kunda Samarqand viloyatidagi qurilish sohasida olib borilayotgan topogeodezik va geologik ishlar istiqboli bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. Bundan tashqari, seminarda ishtirok etayotgan talabalar, magistrlar va yosh olimlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.“Samarqand aerogeodeziya” davlat korxonasi direktori Pirnazarov Islom Mardonovich so‘zga chiqdi.

 I.M.Pirnazarov o‘zining “Korxonada olib borilayotgan geotopografik va aerokosmik ishlar va kelgusidagi vazifalar” mavzusidagi ma’ruzasida institut bitiruvchi talabalariga korxona faoliyati haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, “DSinGIS” xalqaro loyihasining Samarqand viloyatidagi korxonalar faoliyatiga bo‘layotgan yordami va kelgusidagi vazifalari, tadqiqotlardan kutilayotgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi dotsenti Abdullaev Ilxomjon O‘ktamovich o‘zining “Geofazoviy atamalar lug‘ati.  Geoinformatika bo‘yicha an’anaviy ilmiy konferensiyalar” nomli ma’ruzasi bilan seminarda ishtirok etdi. I.O‘.Abdullaev o‘z nutqida hozirgi kunda ilm fan sohasida atamalarning o‘rni juda kattaligi, manbalarning ko‘pligi, shuningdek ko‘plab atamalar chet tillarida ekanligi sababli olimlar har bir atama yuzasidan aniq bir to‘xtamga kelish juda muhim masalalardan biri ekanligini takidlab o‘tdi.  “DSinGIS” loyihasida bu masalaga katta e’tibor berilganligi va shuning uchun ham geofazoviy atamalar uchun maxsus elektron lug‘at yaratilganligi, unga shu kungacha 1000 dan ortiq atamalar 3 ta tilda kiritilganligi va u doimiy ravishda boyitilib borilayotganligi to‘g‘risida seminar qatnashchilariga gapirib o‘tdi.Shuningdek, I.O‘.Abdullaev loyiha doirasida o‘tkazilgan va o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan geoinformatika bo‘yicha an’anaviy ilmiy konferensiyalar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi va barcha ishtirokchilarni kelgusi konferensiyalarda o‘z maqolalari bilan ishtirok etishga chorladi.Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti mustaqil tadqiqotchisi Niyazov Vohidjon Ro‘ziyevich so‘zga chiqib, o‘zining ilmiy tadqiqot mavzusi o‘zining ilmiy tadqiqot mavzusi “GNSS texnologiyasi yordamida geodezik tayanch punktlarni optimallashtirish usullarini ishlab chiqish (tog‘ kon obyektlari misolida)” doirasida olib borayotgan ishi va uning GIS texnologiyalari bilan bog‘liqligi to‘g‘risida gapirdi.Bundan tashqari, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti mustaqil tayanch doktoranti Raximov Ulug‘bek Abdullaevich o‘zining “Moddiy ma’daniy meros obyektlari davlat kadastrini geodezik-kartografik ta’minotini takomillashtirish” hamda mustaqil tadqiqotchisi Gulmurodov Farrux Eshmurodovich o‘zining “O‘zbekiston viloyatlarini turizm maqsadlari uchun tizimli kartaga olishning ilmiy asoslari” mavzudagi ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha olib borayotgan ishlari haqida ma’lumot berdi.Shuningdek, yosh olimlar GIS sohasidagi ushbu xalqaro loyiha faoliyati va uning O‘zbekiston talabalari, magistrlari hamda yosh olimlariga katta imkoniyatlar berishi haqida gapirib o‘tishdi.Bulardan tashqari, so‘zga chiqqan ishtirokchilar o‘zlarining seminar va xalqaro loyiha borasidagi o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Seminar yakunida SamDAQI Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Isakov Erkin Xujayorovich va loyihaning milliy koordinatori Abduraxmanov Ilxom Isakovichlar so‘zga chiqib, seminarning barcha ishtirokchilariga - Samarqand viloyati Yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i Jamanov Fozil Jamanovichga, “O‘zdavyerloyiha” DILI Samarqand bo‘linmasi direktori Babanazarov Sohibjon Farxodovichga, “UzGASHLITI” DUK Samarqand filiali direktori Bekbaev G‘ulom Karimovichga va “Samarqand aerogeodeziya” davlat korxonasi direktori Pirnazarov Islom Mardonovichga o‘z minnaddorchiliklarini bildirishdi va kelgusida yangi loyihalar yaratish, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichlarga olib chiqish zarurligini va shu orqali kadrlar salohiyatini yanada oshirishga erishish mumkinligi haqida alohida ta’kidlab o‘tishdi.