SamDAQI talabasi “Jasorat” medali sohibasi
Mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Vatanimiz mustaqilligining yigirma yetti yilligi bayrami munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlash to’g’risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar orasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti arxitektura fakulteti “Qishloq hududlarini arxitekturaviy-loyihalashni tashkil etish’’ yo’nalishi 303-guruh talabasi Xudoyarova Zilola Ismatovna ham bor.
Zilolaning jussasi kichik, ammo, u katta ishlarga qodir qiz. Ayniqsa, yurtboshimiz tomonidan tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash borasidagi fikrlaridan ilhom olib, Nurobod tumani Jom qishlog’ida Zilolaning tashabbusi bilan tikuvchilik korxonasining ochilishi qishloqdagi 100 nafardan ortiq xotin-qizlarni ish bilan ta’minlanishiga sabab bo’ldi. Zilola faoliyati davomida o’zimizning milliy qadriyatlarimizni tiklash, ularni zamonaviy qiyofasini yaratishga asosiy e’tiborini qaratib kelmoqda. Shuning uchun ham uning kamtarona mehnati Mamlakat rahbariyati tomonidan e’tirof etilib, “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Zilola nafaqat tadbirkorlikda balki, o’z tengdoshlari orasida yuksak intellektual salohiyatga ega ekanligi bilan ham ajralib turadi.
Biz Zilolaning tadbirkorlik faoliyati va o’qish davrida erishayotgan yutuqlari bilan tabriklaymiz va uning kelgusidagi ilmiy va ijodiy ishlariga yuksak parvozlar tilaymiz.
Institut yoshlar bilan ishlash bo’limi
SamDAQI matbuot kotibi.