SamDAQI qoshidagi akademik litseyda “Hujradagi zulmat” filmi namoyish etildi
2018 yil 5 sentabr kuni SamDAQI akademik litseyida “O‘qituvchilar va o‘quvchilarning odob-axloq qoidalari”ning maqsad va vazifalarini o’quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha yig‘ilish o’tkazildi va “Hujradagi zulmat” filmi namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni akademik litsey direktori I.Abdullayev ochib berdi hamda o‘z so‘zida Samarqand viloyat hokimining 2018 yil 30 avgustdagi “O‘qituvchilar va o‘quvchilarning odob-axloq qoidalari”ning maqsadi, vazifalarini o‘quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari o‘rtasida keng targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni to’g’risida gapirib o‘tdi. Yig‘ilishda akademik litseyda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, yosh avlodga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, o‘quv-tarbiya jarayonining sifati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda sentabr oyi davomida akademik litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilarini, ularning ota-onalarini “Odob-axloq qoidalari”, uning maqsad va vazifalari bilan tanishtirish hamda keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi.
Akademik litseyda har bir o‘quvchi-yoshlarning sha’ni va qadr-qimmati o‘zaro hurmat qilinishi, o‘quvchi-yoshlar o‘zaro munosabatlarda “Siz” deb murojaat qilishi odat tusiga kirishi va ularning bir-biriga nisbatan hurmatsizlik qilishi, o‘zaro munosabatlarda behayo so‘zlar ishlatishi qat’iyan taqiqlanishni aytib o’tdi.
O‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar orasida maktab formasida kelishning afzalliklari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borilishi, akademik litsey o‘qituvchilari va o‘quvchi-yoshlari darsga kelish jarayonida qimmatbaho taqinchoqlar bilan darsga qatnashishlari qat’iyan taqiqlanishi, o‘g‘il bolalarga klassik uslubdagi kostyum-shim, galstuk va to‘q rangdagi poyabzalda, qizlarning tizzani yopib turadigan yubka va kostyum, to‘q rangdagi poyabzalda kelishlari, tashqi qiyofasi ozoda, pokiza, sochi tartibga solingan bo‘lishi, o‘qituvchi va o‘quvchilarning auditoriyada ustki kiyimda (plash, palto, kurtka kabilar) yurishi mumkin emasligini, pedagog xodim va o‘quvchilarning akademik litseyga diniy ibodat libosida, sport kiyimida kelishi, ularning odamlar diqqatini tortadigan, tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, shuningdek, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan tarzda akademik litseyga kelishi va shunday holda yurishi mumkin emasligini, ayol pedagog xodimlar va o‘quvchi-qizlarga yorqin pardoz (makiyaj) qilishiga yo‘l qo‘yilmasligini, ushbu qoidani buzganligi uchun Vazirlar Mahkamasining “O‘qishga qabul qilish, o‘quvchini o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlatish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan intizomiy chora ko‘rilishi haqida gapirib o‘tdi.
Shundan so‘ng, akademik litseyning ma’naviy-ma’rifiy ishlar buyicha direktor o‘rinbosari M.Abduxakimova so‘zga chiqib, “Hujradagi zulmat” filmining namoyishi va filmdagi voqealar haqida o‘quvchilarga atroflicha tushuntirib berdi. Film namoyishlarida jami 467 nafar o‘quvchi-yoshlar va 28 nafar o‘qituvchilar ishtirok etishdi.