SAMARQANDNING AZIZ FARZANDI
30-yanvar – Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud kuni.
Islom Karimov mustaqil Oʻzbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida mamlakatimiz nomini dunyoga tanitgan, uning taraqqiyoti yoʻlida fidoyilik koʻrsatib mehnat qilgan inson edi. U oʻzining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan xalqimiz qalbidan munosib oʻrin olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq, birinchi Prezidentimiz tavallud topgan sana har yili yurtimizda keng nishonlanmoqda.
Bugun ushbu sana munosabati bilan Islom Karimov tugʻilib oʻsgan va mangu orom topgan Samarqand shahrida ham bir qator tadbirlar oʻtkazildi.
Tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va jamoatchilik vakillari ishtirokida shahardagi Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qilish bilan boshlandi.
Shundan soʻng Registon maydoni yaqinida oʻrnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi. Xalqimizning ardoqli farzandi hayoti, ibratli ishlari yodga olindi.
Viloyatdagi taʼlim muassasalari, madaniyat maskanlari va boshqa tashkilotlarda ham Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining hayoti va serqirra faoliyatiga bagʻishlangan davra suhbatlari, ilmiy-amaliy anjumanlar, fotokoʻrgazmalar oʻtkazildi.
SamDAQI Axborot xizmati