SAMARQAND SHARQ GAVHARI

#badiiy_sanat #SamDAQI

2021-yil 19-aprel kuni Toshkentdagi Markaziy koʻrgazmalar galereyasida “Xalqaro anʼanaviy tasviriy va amaliy sanʼat festivali” doirasida Samarqand viloyati rassomlari, haykaltarosh va amaliy sanʼat ustalarining “Samarqand sharq gavhari” nomli ijodiy asarlar koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi. 

Koʻrgazmada viloyatdagi Badiiy Akademiyaning Samarqand Badiiy ijodkorlar uyushmasiga aʼzo boʻlgan 30 dan ortiq rassomlarning 500 ga yaqin ijodiy asarlari oʻrin egalladi.

Ushbu tadbirda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti “Tasviriy sanʼat” kafedrasining 4 nafar professor-oʻqituvchilari ham oʻz ijod namunalari bilan tashrif buyurishdi. Mohir haykaltaroshlar Turkman Esanov va Toʻlagan Yorqulovning asarlarida falsafiylik mujassam boʻlgan boʻlsa, rangtasvir ustalar Akrom Sultonov va Avaz Sharipovlarning asarlarida ranglar uygʻunligi va koloritning hamohangligini koʻrishingiz mumkin.

Ijodkorlarimizning asarlari tashrif buyuruvchilar va keng jamoatchilikda katta taassurot uygʻotdi. Ayniqsa, Toʻlagan Yorqulov tomonidan marmarda bajarilgan “Mahorat darsi” festival mehmonlari va mutaxassislarning olqishiga sazovor boʻldi.

Festival aprel oyining 23 sanasigacha davom etadi. Barcha sanʼat ixlosmandlarini koʻrgazmaga taklif qilib qolamiz.

Shakarboy OʻRINBOYEV
“Tasviriy sanʼat” kafedrasi mudiri

   

 

 

 

 

SamDAQI Axborot xizmati