“O‘zbekiston yoshlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi
2018 yil 3 oktabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari o‘rtasida “O‘zbekiston yoshlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b. O‘.J.Xudayarov, Samarqand shahar 3-son IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari E.Imomov, Samarqand shahar IIB terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimi A.Rajabov, Samarqand shahari bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB XPG TP profilaktika katta inspektori B.Napasov, Samarqand shahar Kamoliddin jome’ masjidi imomi I.Absalomov, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, guruh rahbarlari, o‘qituvchilar hamda 230 nafar talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor O‘.J.Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirdi. Shuningdek, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, talaba-yoshlarga buzg‘unchi g‘oyalar bilan jamiyat, millat, xalqqa ta’sir o‘tkazib, o‘zlarining maqsadlariga erishmoqchi bo‘lgan turli xil terroristik guruhlarning g‘arazli niyatlari va g‘oyalariga qarshi ma’rifat va ilm orqali kurashish joiz ekanligini ta’kidladi hamda so‘z navbatini Samarqand shahar 3-son IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari E.Imomovga berdi.
Samarqand shahar 3-son IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari E.Imomov o‘z ma’ruzasida bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohatlar qatorida jinoyatchilik va uni oldini olish to‘g‘risida samarali ishlar olib borilayotganligi to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Hozir yoshlar ongiga ta’sir qilib, ular qalbiga o‘z buzg‘unchi g‘oyalarini singdirishni yoki ularni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishni maqsad qilgan kuchlar juda ko‘p. Bu holat oddiy kompyuter o‘yinlaridan tortib internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa dasturlarida ham ochiq ko‘zga tashlanadi. Yuzaki qaraganda, arzimas tuyuladigan bu harakatlar vaqt o‘tgani sari jiddiylashib, qatiylashib boraveradi. Internet va kompyuter o‘yinlari asiriga aylanish kasalligiga chalingan o‘smirlar hayotidan ma’naviy qadriyatlar tamoman uzilib, butunlay o‘yinlarga berilishi yoki ball yig‘ishga, qimorga va yutuq sovg‘a olish kabi o‘tkinchi, qadrsiz ishlarga mukkasidan ketishi mumkin. Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlashga, shuningdek, yoshlarni terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan samarali himoya qilishga qaratilgan jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida birgina 2017 yilda 18 mingdan ziyod sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan hamda tinch turmush tarziga qaytgan fuqarolar terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar faoliyatida ishtirok etishga moyil bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi. Ularning 10 mingdan ziyodiga ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng, Samarqand shahar “Kamoliddin” jome’ masjidi imomi I.Absalomov so‘zga chiqib, mamlakatimiz moddiy va ma’naviy jihatdan kun sayin taraqqiy etib borayotganini aytdi. Yaqin-yaqinlargacha ba’zi insonlar nazdida O‘zbekistonning bu darajada tez rivojlanib, taraqqiy topishi haqidagi gaplar xuddi safsata kabi ko‘rinardi. Bugunga kelib bu harakatlar aniq haqiqat ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Bundan O‘zbekistonni do‘st deb bilgan barcha davlatlar ham shod bo‘lmoqda. Lekin, afsuski bu ne’matlardan foydalanib, shukr o‘rniga noshukrlik qiladigan g‘animlarimiz nog‘orasiga o‘ynab, o‘z yurtiga tosh otadigan nobakorlar ham uchrab turibdi. Bular yurtimiz, dinimiz, tariximiz, millatimizga zid ba’zi xorijiy buzuq toifalarning yo‘rig‘iga yurib, aldangan manqurt kimsalardir. Buzg‘unchi aqidaparast va mutaassib oqimlarni botil aqidalariga ergashib, zalolatga ketgan gumrohlarning borligi kishini ranjitadi. Ma’lumki, 2011 yilning bahor oylarida arab mamlakatlarida boshlangan nizo va qarama-qarshiliklar haligacha nihoyasiga etmayapti, bu nizolar oqibatida qanchadan-qancha begunoh insonlar, ayollar va norasida go‘daklar qurbon bo‘lmoqda. Muqaddas dinimizda hech qanday gunohi, aybi bo‘lmagan insonlar hayotiga zomin bo‘lish misli ko‘rilmagan gunoh ekanligi ta’kidlangan. Demak, biror inson ana shunday jinoyatlarni sodir etishi aslo mumkin emas. Ular bu jinoyatlarni sodir etishlikda go‘yoki yer yuzini islomlashtirish, islom ahkomlari asosida siyosiy davlat qurishni da’vo qilmoqdalar. Islom olamining e’tiborli ulamolari mo‘tabar manbalarga asoslangan holda berayotgan raddiyalarini tan olmayotgan bu vahshiylar hatto o‘zlari tug‘ilib o‘sgan, nonini, tuzini egan zaminda ham, shu buzg‘unchiliklarni davom ettirmoqdalar. Hozir esa bu buzg‘unchi toifalar o‘zlari ilgari surayotgan g‘oyaga erishish maqsadida yangidan-yangi buzg‘unchilik turlarini o‘ylab topishib, ulardan foydalanish maqsadida atrof mamlakatlardan yoshlarni bunga jalb qilmoqdalar. Ba’zi yoshlar nozik chegara chizig‘ini anglamay, shunday targ‘ibotlarga uchib, diniga, o‘z xalqi va mamlakatiga isyon qilayotganini bilmay, ularning safiga qo‘shilish uchun borib qolmoqdalar. Shuning uchun ham bugungi kunda har bir o‘g‘il-qizimiz ongiga, avvalo, Vatani va oilasi oldidagi mas’uliyat hissini singdirishga, ularni insonparvarlik ruhida tarbiyalashga biz kattalar alohida e’tibor berishimiz lozim. Jamiyatimizda yashayotgan kishilarga dinimizni mussaffo holda yetkazish, yoshlar o‘rtasida bizlar uchun yot bo‘lgan mafkura va g‘oyalar ta’siridan himoya qilish vazifasi doimo dolzarb ekanini unutmasligimiz lozim.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Samarqand shahar IIB terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimi A.Rajabov bugungi kunda o‘z maqsadlariga erishish uchun hech narsadan qaytmaydigan ba’zi kimsalar oldinlari ko‘chama-ko‘cha yurib, uyma-uy kirib har xil kitob, varaqalar tarqatishga harakat qilgan bo‘lsalar, hozirda bir joyda o‘tirib ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki qo‘shni mamlakatlarda ishlayotgan mavsumiy mehnat migrantlarining chetda bo‘lganligi sababli yosh o‘smirlar ongini jonli muloqot orqali zaharlab o‘z g‘oyalariga ergashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda bunday turli xil mafkura markazlari o‘zining g‘arazli niyatlariga erishishda mamlakatimiz fuqarolaridan “qurol” sifatida foydalanishga intilishlarida mafkuraviy xavfsizlik uchun real tahdidlar mavjudligini ko‘rsatadi. “Ezgulik va yovuzlik doim bir-biriga qarshi kurashadi”, deganlaridek, bizning ushbu ravnaqimiz va tinchligimizni ko‘ra olmayotgan g‘arazli maqsaddagi yovuz kuchlar ham yo‘q emas. Dunyo ekspеrtlaridan biri shunday degan ekan: “Qaysi bir yurtning kelajagi qanday bo‘lishini bilmoqchi bo‘lsangiz, o‘sha yurt yoshlari bilim dargohlarida bugun nimani o‘rganayotganiga e’tibor bering...”. Haqiqatda ham yoshlarimiz darsliklardan tashqari qanday ma’lumotlarni o‘rganayotgani, qaerdan olayotgani, kimdan so‘rayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda qaysi saytlarga kirib, kimlar bilan aloqada bo‘layotgani va nimalarni tomosha qilayotganini biz nazorat qilishdan oldin ularning huquqiy madaniyati va ma’naviyatini shakllantirsak, yoshlarimizni jaholat botqog‘idan qutqargan va yurtimiz kelajagini hozirdan mahkam qura boshlagan bo‘lar edik.
Tadbir bahs-munozaralarga boy bo‘ldi hamda talaba-yoshlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassisislardan atroflicha javob olishdi. Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirilib, buyuk kelajakni qurish yo‘lida oliy maqsadlar sari og‘ishmay mehnat qilishlari haqida gapirdilar.
Tadbir yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor v.b. O‘.Xudayarov tadbir tashkilotchilariga mazmunli suhbat tashkil etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratilganligini ta’kidladi.