OLIY TAʼLIMGA QABUL QILISH TIZIMI, JARAYONI, MUAMMOLARI VA YECHIMLARI: OʻZBEKISTON VA JAHON TAJRIBASI

 

Joriy yilning 22 yanvar kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rahbar xodimlari “Oliy taʼlimga qabul qilish tizimi, jarayoni, muammolari va yechimlari: Oʻzbekiston va jahon tajribasi” mavzusida vebinarda ishtirok etishdi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan iqtidorli va istiqbolli yoshlar uchun benihoya ulkan imkoniyat, yaʼni 2021-yildan boshlab “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali magistratura va doktorantura dasturlari asosida eng nufuzli xorijiy davlatlarda tahsil olish uchun stipendiyalar miqdorini 5 barobarga oshirish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, joriy yildan boshlab kamida 100 nafar yoshlarimiz uchun nufuzli xorijiy universitetlarning bakalavriatida ham taʼlim olish imkoniyati yaratilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, murojaatnomada mamlakatimizda Oliy taʼlimning qamrovi va sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratdi hamda eng nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Ushbu munosabat bilan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi huzuridagi Xalqaro ekspertlar kengashi aʼzolari, vatandoshlarimiz M.Narikbayev nomidagi KAZGYUU Universiteti Iqtisodiyot oliy maktabi dotsenti Iqboljon Qoraboyev va Germaniyaning Bremen universiteti, Texnika va taʼlim instituti Kasb-hunar va mehnat bozori loyihalari koordinatori Akramjon Matkarimovlar ishtirokida “Oliy taʼlimga qabul qilish tizimi, jarayoni, muammolari va yechimlari: Oʻzbekiston va jahon tajribasi” mavzusida navbatdagi vebinari boʻlib oʻtdi.

Vebinar davomida Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, jumladan, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish jarayoni, talabalarning qamrov darajasi kabi masalalar, shu bilan birga oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish hamda respublika oliy taʼlim tizimida mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari keng muhokama qilindi.

Vebinar davomida ekspert vatandoshlarimiz ilmiy va kasbiy tajribalaridan kelib chiqqan holda Oliy taʼlimga qabul qilish tizimi va uning jarayoni, shuningdek, tizimda mavjud muammolarni oqilona yechish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini berishdi.

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshiruvchi markazga aylantirish, jahon miqyosida talablarga javob beradigan, xorijiy ilgʻor davlatlarning Oliy taʼlim tizimi va ularning tajribalarini oʻrganish hamda Oliy taʼlim tizimiga ularni bosqichma-bosqich joriy etish kabi masalalar vebinarning muhokamalar markazida boʻldi.


SamDAQI Axborot xizmati