OʻZBEKISTON-QIRGʻIZISTON: TAʼLIM SOHASIDAGI XALQARO HAMKORLIK ALOQALARINING YANGI BOSQICHI
#hamkorlik
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining “Bino va inshootlar kadastri” kafedrasi tashabbusi bilan 2021-yil 1-aprel kuni Qirgʻiziston davlat qurilish, transport va arxitektura universiteti “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi mudiri, texnika fanlari nomzodi, professor Akilbek Chimirov tomonidan oʻzaro hamkorlik boʻyicha Anglashuv memorandumiga muvofiq “Yerni masofadan zondlash materiallari asosida relyefning raqamli modelini yaratish” mavzusida xalqaro onlayn dars boʻlib oʻtdi.
Qirgʻiziston davlat qurilish, transport va arxitektura universiteti, undagi faoliyati, olib borilayotgan ilmiy ishlar, taʼlim sohasidagi yangiliklar, talabalarga dars berishdagi yangi innovatsion texnologiyalar, talabalarni magistratura yoʻnalishlarida oʻqishlarini davom ettirishlari yuzasidan suhbat olib borildi.
Maʼruzachi professor Akilbek Chimirov tomonidan Fazoviy maʼlumotlar infratuzilmasini yaratish, MDH mamlakatlarida davlat kadastrlari yerdan oqilona va samarali foydalanish, ushbu sohadagi munosabatlarni kompleks tarzda muvofiqlashtirish masalalari muhim ahamiyatga ega boʻlayotgani qayd etildi.
Buning uchun davlat kadastrlari, yer resurslaridan oqilona foydalanish, ularni saqlash va muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, geodeziya va kartografiya bilan bogʻliq faoliyatni kuchaytirish boʻyicha davlatlararo miqyosda dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek aerokosmik syomka, topografiya, geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, geobotanika va Yerni masofadan turib zondlash, qishloq xoʻjalik ekinlarini joylashtirishni tashkil etish, sunʼiy yoʻldosh navigatsiya tizimining ishlashini taʼminlash uchun geodeziya maʼlumotlari, kartografiya materiallarini yaratish, kartografik monitoring va geodinamik tadqiqotlarni amalga oshirish, yerni masofadan zondlash boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etishni tashkil etish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida fuqarolarga hamda tadbirkorlik subyektlariga tezkor va sifatli xizmatlar koʻrsatish, yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xalqaro grantlarni jalb etish, yer tuzish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari boʻyicha tizimli ravishda kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirishni taʼminlash sohasidagi tadqiqotlar hamda boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ishlarni faollashtirish zarur ekani taʼkidlandi.
Bu kabi hamkorlik aloqalarini tomonlar keng koʻlamda olib borishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydilar. Yaʼni birinchidan, ikki taʼlim muassasasi oʻrtasida professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar almashinuvi tizimli yoʻlga qoʻyiladi. Ikkinchidan, maʼlum taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv dasturlarini yaratishda oʻzaro tajriba almashinuv tashkil etiladi. Shuningdek, uchinchidan, yangi dolzarb ilmiy mavzular yuzasidan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish, ilmiy konferensiyalar, seminarlar hamda simpoziumlar tashkil etish koʻzda tutilmoqda.
SamDAQI Axborot xizmati