OTM VA UMUMIY OʻRTA TAʼLIM MAKTABLARI HAMKORLIGI DAVOM ETMOQDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4884-son qarori talablariga asosan, viloyatda xalq ta’limi tizimida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga oid muammolarni o‘rganish va bartaraf etish, faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamkorligini tashkil etish maqsadida Samarqand viloyati hokimining Farmoyishiga asosan institut Kengashi va professor-o‘qituvchilari bilan birga qator vazifalar belgilab olingani haqida xabar bergan edik.

Belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti jamoasi Samarqand viloyati Urgut tumanining “Qora tepa” mahallasida joylashgan 108-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurdilar.



 

Tashrifdan maqsad hududda ta’lim sifatini ko‘tarish, reytingda eng past o‘rinlarda bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida oliy ta’lim vakillari tomonidan ta’lim sifatini va samaradorligini oshirishda ko‘maklashishdir.

SamDAQI rektori Sulton Axmedov boshchiligidagi jamoa maktabning o‘quv binolari holati, moddiy texnik-bazasini o‘rganish maqsadida mas’ul mutasaddilar bilan maktabni ko‘zdan kechirdilar. 320 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu umumiy o‘rta ta’lim maktabida hozirgi kunda 356 nafar o‘quvchilar ta’lim tarbiya olib kelmoqdalar. So‘ngi yildagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra 28 nafar maktab bitiruvchilaridan 2 nafari oliy o‘quv yurtrlariga kirishga erishgan xolos.



 

Yuqoridagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktabining dastlab bitiruvchilari so‘ngra pedagog-o‘qituvchilar va rahbariyat bilan birgalikda suhbatlar tashkil etildi.

Suhbat davomida maktabning ichki imkoniyatlari, muammo va kamchiliklar muhokama qilindi. Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan har tomonlama, ham o‘quvchilar ham o‘qituvchilarning bilim darajasi hamda ta’lim tarbiya jarayonlari sifatini mustahkamlashga qaratilgan amaliy yordamlar ko‘rsatilishiga kelishib olindi.



  


SamDAQI Axborot xizmati