OTM VA MAKTAB: HAMKORLIK ISHLARI DAVOM ETMOQDA
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4884-son qarori talablariga asosan, viloyatda xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga oid muammolarni oʻrganish va bartaraf etish, faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish boʻyicha oliy taʼlim muassasalari bilan umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamkorligini tashkil etish maqsadida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qaroriga koʻra, Samarqand tajribasi sifatida viloyatdagi Urgut va Pastdargʻom tumanlaridagi umumtaʼlim maktablari Samarqand shahridagi Oliy taʼlim muassasalariga biriktirilgan edi. Jumladan, Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga ham Urgut tumani 2-sektor hududidagi 37 ta maktablar biriktirilgan.
Shu munosabat bilan 2021-yil 21-may kuni Urgut tumani 2-sektor hududida joylashgan 108-umumtaʼlim maktabiga institut tomonidan biriktirilgan mas'ul yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor O.Xaitov boshchiligidagi jamoa navbatdagi tashrifini uyshtirishdi.
Maktabda institut tomonidan “Abituriyent shtabi” tashkil etilib Respublikamizda mavjud oliy taʼlim muassasalari yoʻnalishlar roʻyhati, 2021-2022-oʻquv yili uchun OTMlarning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda mutaxassislik fanlaridan namunaviy test topshiriqlari havola qilindi.
Mavjud kompyuter xonalari toʻliq internet tizimi bilan taʼminlanib, maktab darsliklarining toʻliq elektron bazasi taqdim etildi. Qolaversa, 200 ga yaqin badiiy adabiyotlar maʼsul va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi SamDAQI boshlangʻich tashkiloti yetakchisi L.Usmonov tomonidan sovgʻa tariqasida maktab kutubxonasiga taqdim etildi.
Maktabda oʻquvchilar tanaffus vaqtida hamda boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazishi uchun “Shaxmat-shashka burchagi” tashkil etilib, 4 ta shaxmat va shashka toʻplami volleybol setkasi va toʻplari ham sovgʻa tariqasida taqdim etildi.
Kunning birinchi yarmida maktabning 8 sinf oʻquvchilari oʻrtasida chizmachilik fanidan olimpiada va 5-6 sinf oʻquvchilari oʻrtasida tasviriy sanʼat fanidan “Ranglar jilosi” nomli rasmlar tanlovi tashkil etildi va oʻtkazildi. Shu bilan bir qatorda sportning voleybol turi boʻyicha jamoalar oʻrtasida musobaqa tashkil etildi.
Kunning ikkinchi yarmida esa maktabda tashkil etilgan “Abituriyent shtabi”da insitut psixologi S.Otayorov va bitiruvchi sinf oʻquvchilari ishtirokida “Kasbim – mening kelajagim” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Seminar-treningda bitiruvchi sinf oʻquvchilarini oʻz qiziqishlaridan kelib chiqqan holda kasbga yoʻnaltirish boʻyicha motivatsion koʻrsatmalar, maʼlumotlar taqdim etildi.
Gʻoliblar diplom, tashakkurnomalar hamda institut logotipi tushirilgan futbolka va kepkalar bilan taqdirlandilar. Taqdirlash marosimi davomida bir qator faol va iqtidorli oʻquvchilarga “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi” belgisi tushirilgan nishonlar taqdim etildi.
Shu kabi tadbirlar 2 sektor hududidagi barcha maktablarda rejaga asosan davom ettirilmoqda.
#maktablar #hamkorlik #SamDAQI
SamDAQI Axborot xizmati