“Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” umumrespublika tanlovi
Vazirlikning 2015 yil 96-sonli “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” umumrespublika tanlovini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘ini ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti joriy yilning 1 aprel 30 mayiga qadar tegishli ta’lim sohalari bo‘yicha
“Mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi pedagog”,
“Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi”,
“Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog”
nominatsiyalari bo‘yicha tanlov e’lon qiladi.
Mazkur institutda kamida 3 yil to‘liq stavka bo‘yicha faoliyat yuritayotgan, yoshi, ilmiy darajasi va unvonidan qat’iy nazar, bakalavriat yoki magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha kurslardan birida (leksiya, seminar, amaliy yoki laboratoriya) mashg‘ulotlari olib borayotgan, tanlovda ishtirok etish uchun nizom talablariga muvofiq xujjatlar topshirgan shtatli pedagogi tanlov ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
Tanlov ishtirokchilari 1 apreldan boshlab Tanlov komissiyasiga o‘zlarining xujjatlar to‘plamini qog‘oz va elektron shaklda ko‘rib chiqish uchun taqdim etishadi.
Tanlov ishtirokchisi Tanlov komissiyasiga quyidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan xujjatlar to‘plamini taqdim etadi:
- kafedra mudirining tanlov ishtirokchisining institutdagi pedagogik, kasbiy va jamoat ishlaridagi faoliyati haqidagi ma’lumotlar bayon etilgan ikki betdan oshmaydigan xajmdagi taqdimnomasi;
- tanlov ishtirokchisining pedagogik konsepsiyasi tavsifi (3-6 bet bosma matnli hajmda);
- tanlov i shtirokchisining ahamiyatli bo‘lgan o‘quv-uslubiy, ilmiy-uslubiy materiallari yoki ijodiy ishlari, ularga tashqi taqrizlar bilan birga;
- turli tanlovlarda faxriy yorliqlar va diplomlar bilan taqdirlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (nusxalari ilova qilinadi);
- grantlar asosidagi faoliyatda qatnashganligi to‘g‘risidagi ma’lumot, unda grantning nomi, moliyalashtirish hajmi, qatnashishning shakli va darajasi ko‘rsatiladi;
- konferensiyalardagi ishtiroki haqidagi ma’lumotlar, ularda maqomi va nomi, o‘tkazilgan joyi, shaxsan ishtirok etish darajasi (ma’ruzachi, hamma’ruzachi, tashkilotchi) ko‘rsatiladi;
- xalqaro loyihalar va dasturlardagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlar (nomi, moliyalashtirish manbalari va hajmi, ishtirok etish darajasi ko‘rsatiladi);
- malaka oshirish, kadrlarni qayta tayyorlash kurslaridan, stajirovkadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarning va guvohnomalarning nusxalari (mavzusi, soatlar hajmi va o‘tkazilgan joyi ko‘rsatiladi);
- e’lon qilingan materiallarning belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxati;
- bevosita tanlov ishtirokchisi raxbarligida tanlovlarda, loyihalarda, olimpiadalarda ishtirok etish uchun tayyorlangan talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek kasbiy o‘sishi va yutuqlari haqidagi boshqa materiallar;
- xujjatlar to‘plamiga kiritilgan materiallar materiallar va axborotlarda tanlov ishtirokchisining so‘nggi 3 yildagi faoliyatiga doir ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
Tanlovning oliy ta’lim muassasasidagi bosqichi doirasida 25 aprel-15 may mobaynida tanlov ishtirokchisi tomonidan akademik guruxda tanlov komissiyasi vakili ishtirokida ochiq dars o‘tkazilishi kerak;
Tanlov ishtirokchisi ochiq mashg‘ulotning mavzusi, turi va shaklini, shuningdek talabalar guruhini ularning ta’lim yo‘nalishi va tayyorlangan mavzusidan kelib chiqqan holda tanlash huquqiga ega.