“Oramizdagi qahramonlar”
#xushxabar
Joriy yilning 8-fevral kuni Oʻzbekiston boʻylab start olgan Faol fuqarolar umummilliy festivali besh kun davom etdi deya xabar bermoqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.
Festival “Yuksalish” umumilliy harakati tashabbusi bilan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, Qozogʻistonning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (ARGO) va qator hamkorlar koʻmagida tashkil etildi.
Jumladan, “Prezident Murojaatnomasi — fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichi” xalqaro konferensiyasi, “NNT maktabi” hamda “Antikorrupsiya laboratoriya” loyihalari taqdimotlari boʻlib oʻtdi. Fargʻona davlat universitetida “Doʻstlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik markazi” tashkil etildi, unda soha ekspertlari ishtirokida talabalar uchun ilk muloqot darsi oʻtkazildi.
Yana bir muhim yoʻnalish – Xalq bilan muloqotning yangi institutsional bosqichi jamoatchilik kengashlari II — Milliy forumi oʻtkazildi.
Muhokamalarni bevosita onlayn va oflayn rejimda 3 mingdan ortiq jamoatchilik vakillari kuzatib bordilar. Tadbirlar real vaqt rejimida oʻzbek, rus va ingliz tillarida hamda surdotarjimon yordamida jamoatchilikka yetkazildi. Festival yakunida “Oramizdagi qahramonlar” aksiyasining 14 nafar gʻoliblari, 30 nafar volontyor-psixologlar va 7 ta faol nodavlat notijorat tashkilotlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Taqdirlangan volontyor psixologlar orasida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti katta o‘qituvchisi Iroda Xudoynazarovna ham bor. Xalqimizning og‘ir damlarida murakkab vaziyatga tushib qolgan insonlar taqdiriga befarq bo‘lmay qimmatli vaqtlarini, bilim va tarjibasini ayamasdan “Psixologik maslahat” telegram kanali orqali yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatib kelganligi uchun Turakulova Iroda Xudoynazarovna “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan TASHAKKURNOMA bilan taqdirlandi.
"— Pandemiya deyarli tugadi, deyarli ko‘pchilik o‘ziga keldi, deyarli har bir kishi tashvish va vahima bilan kurashdi, kimdir behuda yashamasligi haqida xulosa chiqardi, kimdir ajrashishga, kimdir uzoq va baxtli hayot kechirishga qaror qildi. Va biz, ko‘ngilli psixologlar, deyarli odamlarga beminnat yordam berishni tugatdik. Ammo psixolog sifatida faoliyatimiz hali ham davom etmoqda” – deydi Iroda Turakulova.
Umuman, Faol fuqarolar umummilliy festivali islohotlar jarayonlarining barcha ishtirokchilari uchun konstruktiv muloqot maydoni boʻlib, ularning saʼy-harakatlarini birlashtirishga, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqishga xizmat qildi.
Maʼlumot uchun: Faol fuqarolar umummilliy festivali “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Qozogʻistonning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (ARGO) tomonidan AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) koʻmagida amalga oshiriladigan Oʻzbekistonda “Innovatsiya uchun hamkorlik” dasturi doirasida oʻtkazilmoqda.
SamDAQI Axborot xizmati