OLIYGOHIMIZDA ILM CHOʻQQISIGA CHIQQAN MEʼMOR OLIMA

Kishikim qilsa olimlarga taʼzim,           
Qilur goʻyoki paygʻambarlarga taʼzim. 
Hadis oʻlmish nabiydan oʻyla hadis     
Ki olim keldi paygʻambarga voris.     
 

Alisher Navoiy

 

Ilhom, sabru toqat, kurashmoq va maqsad sari muttasil ijodiy mehnat ortidan ergashgan metin irodali olima - Dilshoda Namozovna Sultonova deyarli 30 yildan buyon Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida talabalarga Tasviriy sanʼat tarixi yoʻnalishi fanlaridan “Arxitektura” va “Dizayn”, “Kasbiy taʼlim (Sanʼat)” mutaxassisligida nazariy va amaliy fanlardan tahsil berib kelmoqda.

 

U bugungi kunda talabalarining ilm olish va izlanishlarlarida ilhom bulogʻi boʻlib, hamkasblari va shogirdlarga har tomonlama ibrat boʻlib kelmoqda. Arxitektura fanlari doktori, dotsent D.N.Sultonova institutdagi faoliyati davomida 100dan ziyod ilmiy maqolalar va tezislar, 2ta ilmiy monografiya, 2ta kitob-albom, 2ta ijodiy katalog, 2ta Mualliflik guvohnomasi, 4ta amaliyotga joriy etish dalolatnomasi muallifi va 10ta uslubiy koʻrsatmalarni chop ettirgan.

Uning ilmiy-ijodiy faoliyati va tarjimai holi quyidagilardan iborat:

D.N.Sultonova 1970 yil, 24 sentabrda Samarqand viloyati, Payariq tumanida ziyolilar oilasida tugʻilgan. 1988-1994 yillarda SamDAQIda “Arxitektura” mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olgan, 1989-1994 yillarda namunali oʻqishi uchun SamDAQI birinchi rektori meʼmor-professor R.R.Abdurasulov nomidagi nomdor stipendiati boʻlgan. 1994 yilda Otasi Oʻzbekiston Yoshlar murabbiysi, sanʼatshunoslik professori N.T.Sultonov izidan borib “Tasviriy sanʼat” kafedrasi zalida 70dan ortiq “Zamondoshlarim” nomli 1-shaxsiy ijodiy ishlari koʻrgazmasini tashkil etgan. 2001-2003 yillarda SamDAQI “Arxitektura nazariyasi va tarixi” kafedrasi aspiranti. 2006 yilda “Arxitektura nazariyasi va tarixi” kafedrasi dotsenti, 2008 yildan buyon “Tasviriy sanʼat” kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab keladi.

 

2004 yil TAQIda “Meʼmorchilik nazariyasi va tarixi, meʼmoriy yodgorliklar taʼmiri” ixtisosligi boʻyicha “Oʻzbekiston meʼmorchiligida devoriy rangtasvirni uygʻunlashtirish tamoyillari” nomli nomzodlik dissertatsiyasini zukko olim, professor M.Q.Ahmedov ilmiy rahbarligida himoya qilib, Arxitektura fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.

 

Soʻnggi 15 yildan buyon Otasi – ustoz rassom N.T.Sultonov xotirasiga bagʻishlangan 8ta shaxsiy ijodiy xotira-koʻrgazmalari tashkilotchisi (2006, 2008, 2011, 2012, 2013, 2014, 2015, 2019 yillar. Samarqand va Toshkent shahrida). Muntazam ravishda viloyat, respublika va xalqaro koʻrgazmalarida ijodiy ishlari bilan ishtirok etib keladi. U 2007 yildan Oʻzbekiston Respublikasi “Meʼmorlar uyushmasi” va Badiiy Akademiyasi BIU Sanʼatshunoslik seksiyasi aʼzosidir.

 

D.N.Sultonova ustozi arxxitektura fanlari doktori, professor M.Q.Ahmedov bilan hamkorlikda Samarqandning 2750 yillik yubileyini nishonlash oldidan ikkita hujjatli film kinossenariysi, hamda bir necha bukletlar va kitoblarni nashrga tayyorlashda ishtirok etib, jumladan “Samarqand qogʻozi” hujjatli telefilmini “Oʻzbekkino” Agentligi tomonidan 2007 yilda ekranlashtirilishiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshdi.

 

2007 yil, 15 martda TDTUda, boʻlib oʻtgan “Aspirant va doktorantlarning ilmiy ishlari” boʻyicha respublika tanlovida faxrli 3-oʻrinni olgan. 1ta ilmiy tadqiqotchi, 2ta magistr va 10dan ortiq bakalavrlar BMIlariga ilmiy rahbarlik qilgan. 2008 yildan Samarqand viloyati “Olima” ayollar uyushmasi vitse-prezidenti. 2009 yildan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq demokratik partiyasi faol aʼzosi. 2010 yilda ilk ilmiy monografiyasini chop ettirdi (“Sanʼat” nashriyoti, Toshkent). 2011 yilda “Namoz Sultonov” kitob-albomini chop ettirdi, “Zarafshon”, Samarqand). 2011-2014 yillar. Arxeologiya instituti foyesi interyerida Afrosiyob devoriy rangtasviri nusxasi rekonstruksiyasini bajargan (hammualliflar: M.N.Sultonova, S.Z.Doʻsanova). 2014 yilda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan Oliy majlis qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodi tavsiya etilgan. 2018 yilda Turon FA haqiqiy aʼzosi (akademik) boʻlgan va 100ga yaqin “Ijod yoʻllari” nomli 2-shaxsiy ijodiy ishlar (qalamtasvir va rangtasvir) koʻrgazmasini tashkil etgan (Samarqand, Tarix muzeyi). “Oliy taʼlim muassasa-sining eng yaxshi pedagogi” respublika tanlovining “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasida ishtirok etib, 2-oʻrinni egallagan. 2019-yilda Oʻzbekiston Respublkasi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiya tanlovining “Arxitektura va qurilish” yoʻnalishi boʻyicha stipendiya sovrindori boʻlib, Moskva davlat qurilish institutida bir oy malakasini oshirgan. 2020-yildan “Молодой учёный” va “Юный учёный” xalqaro ilmiy jurnali tahrir kengashi aʼzosi.

 

2020 yil 12 dekabrida TAQI huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.A.11.02 raqamli ilmiy kengashida dotsent D.N.Sultonova oʻzining 15 yillik ilmiy mehnati natijasi boʻlgan “Oʻzbekiston meʼmorchiligida tasviriy va badiiy vositalarni uygʻunlashtirish yoʻllari (anʼanaviylik va zamonaviylik)” (ixtisoslik: 18.00.01-Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini taʼmirlash va tiklash) mavzusidagi fan doktorligi uchun yozgan dissertatsiyasini mustaqil ravishda muvaffaqiyatli himoya qildi.

 

 

Xalqaro va respublika ilmiy jurnallar va ilmiy konferensiyalarining muntazam qatnashchisi. Ilmiy-ijodiy asarlari respublika nufuzli gazeta va jurnallarida oʻzbek, rus, tojik va ingliz tillarida chop etilgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyati respublika, Samarqand va Toshkent radiotelevideniyesida muntazam yoritilib kelinmoqda. Institutda ilgʻor, yuksak salohiyatli faol pedagog. Fidoiy mehnatlari uchun qator faxriy yorliq, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan. D.N.Sultonova 34 yillik umumiy ish stajiga va 27 yillik pedagogik stajga ega.

 

U oliygohda Arxitektura va tasviriy sanʼat nazariyasi tarixi boʻyicha ilmiy yoʻnalish yaratgan tajribali pedagog-olimadir. Uning ilmiy rahbarligida 2ta Arxitektura magistri va 20ta bakalavr oʻz bitiruv malakaviy ishini himoya qilgan. Bugungi kunda uning ilmiy rahbarligida 1ta tadqiqotchi, 2ta magistrant tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Muntazam ravishda oʻz ustida ishlaydigan olima yaratgan kitoblarini tanlovga taqdim etadi. Jumladan, 2012-yilda Oʻzbekiston meʼmorlar uyushmasi va Oʻzbekiston davlat arxitektura-qurilish qoʻmitasining “Yilning eng yaxshi meʼmoriy asari” II-darajali diplomlari bilan mukofotlangan. TAQI bilan hamkorlikdagi (rais prof. M.Q.Ahmedov) grantlari qatnashchisi boʻlgan. Ustozning 50 dan ziyod meʼmorchilik va tasviriy sanʼat nazariyasiga oid muammoli maqolalari “Oʻzbekiston bunyodkori”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Hurriyat”, “Zarafshon”, “Samarqand” “Ovozi Samarqand”, “Самаркандский вестник”, roʻznomalarida chop etib kelinadi. Ayniqsa, ilmiy ishlarining natijalarini ular MQDU, (Moskva), KazGASA, JQOU (Almati), SamDAQI, SamDU, SamISI, SamDCHTI, TATU SF, TAQI, TDTU, TDJTU, MRDI, UzMU, JizPI, QDU, TerDU ilmiy konferensiyalarida koʻplab maʼruzalar qilgan.

 

Respublikamiz mustaqilligi davri mobaynida Arxitektura sohasida beshinchi olima (1.Yusupova M.A., 2.Qodirova T.F., 3.Durdiyeva G.S., 4.Nurmuxammedova Sh.Z., 5.Sultonova D.N.), SamDAQI tarixida esa ilk bor fan doktorligini himoya qilgan olima ayol - Dilshoda Namozovna oliygoh bagʻrida oʻzining 50 yillik tavalludini yuqori kayfiyat bilan gʻolibona qarshilab oldi. Bugungi kunda bunday ilmiy yutuq ayol uchun qahramonlikka tengdir. U ikki farzandning ibratli Onasi, munosib oila boshligʻidir. Ilmiy ishi haqida D.Sultonovaning oʻzi shunday eslaydi: “— 2001yil kuzida aspiranturaga oʻqishga kirganimda rahmatlik Otam prof. Namoz Sultonov bergan dono oʻgit kechagiday esimda. “— Qizim, sen endi aspirant boʻlding. Shuni bilib qoʻyginki, aspirantlik mansab emas, u ilmning gadosidir. Bilim olish yoʻlida sen har bir eshikka kirib ilm soʻraysan. Oʻz ilmiy ishingni halol mehnating bilan amalga oshirasan”, - deb menga oq fotiha bergandilar. Oʻgitlariga amal qilib, muvaffaqiyatli himoya qilganimdan soʻng, ogʻir betob boʻlishiga menga: “— Qizim, sen hayotingda katta ish qilding”- deb faxrlangan edilar” – deydi D.Sultonova.

 

Yashnayotgan Mustaqil yurtimizda yangi uchinchi renessans poydevorini yaratish yoʻlida Samarqand meʼmorlar Oliy maktabida, kelajak avlod meʼmor kadrlarining tarbiyasida Dilshoda Sultonova kabi salohiyatli mutaxassislarning yaratgan ilmiy-badiiy yoʻnalishi ayniqsa ahamiyatlidir. Institutimiz maʼmuriyati Olimaga mustahkam salomatlik va kelgusi faoliyatida yanada muvaffaqiyat tilaydi.