OILA JAMIYATNING ASOSIY BO‘G‘INI

2019 yil 15 may kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti kichik faollar zalida “15 may — Xaqaro oila kuni” munosabati bilan oilalar mustahkamligini ta’minlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish, jamiyatda tinchlik-totuvlikni saqlashda oilaning rolini targ‘ib etish va yoshlarni oilaviy hayotga  tayyorlash maqsadida, institut talaba-yoshlari bilan “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Orif Xaitov kirish so‘zi bilan ochib berib, oila — inson o‘z baxti va saodati, orzu-havaslari, maqsad-muddaolarini mushtarak qilgan, o‘zini inson sifatida idrok etib hayot nashidasida suradigan muqaddas makonligini tushuntirdi.Xotin-qizlar qo‘mitasi institut boshlang‘ich tashkiloti raisi Muqaddas Boboqulova oila har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlaydigan, milliy qadriyatlarning rivojini ta’minlaydigan, yangi avlodni dunyoga keltirib, uni ma’naviy va jismoniy barkamol qilib tarbiyalaydigan, jamiyatning asosiy negizi hisoblanuvchi beqiyos dargohligini slaydlar namoyishi orqali tushuntirdi.

Qurilishni boshqarish fakulteti xotin-qizlar guruhi yetakchisi Yaxshigul Suyunova oilaviy hayotda bo‘ladigan muammolarni, sabr-toqat bilan yengib o‘tish baxtga erishishning asosiy yo‘li ekanligi haqida so‘zladi.Talabalar oiladagi shaxslararo munosabatlar, qaynona-kelin, qaynona-kuyov munosabatlari, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, nikohlanuvchilarning yoshlari orasidagi tafovutlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga, hayotiy tajribaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar tomonidan javoblar olishdi.