O’quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarning subyektlari, ularning huquq va majburiyatlari
III. O’quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarning subyektlari, ularning huquq va majburiyatlari
a) Talabalar:
3.1. Institut rektorining buyrug’i bilan o’qishga qabul qilingan shaxs Institutning talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik guvohnomasi hamda reyting daftarchasi bepul beriladi.
Institutning qonunchilikda belgilangan tartibda umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy (ikkinchi va keyingi ta’lim) ma’lumotiga ega bo’lgan shaxslar arizalariga binoan O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalariga muvofiq O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari natijalariga ko’ra to’plangan ballarning reyting tizimi bo’yicha amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha shaxslar uchun (ham grantlar, ham to’lov-kontrakt bo’yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to’plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo’yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar test ballari reytingi asosida belgilangan to’lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar. Qonunchilikka muvofiq test sinovlarisiz muayyan imtiyoz asosida ham o’qishga qabul qilish kafolatlanadi.
3.2. Institutning talabalari quyidagi huquqlarga ega:
- fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;
- oliy ta’lim muassasasi axborot resurs markazida mavjud bo’lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;
- bepul maslahatlar va yo’l-yo’riqlar olish;
- auditoriyalar, ta’lim jarayoniga oid o’quv texnik vositalardan o’rnatilgan tartibda bepul foydalanish;
- ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o’z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda ta’lim muassasasi, dekanat va kafedra raxbariyatiga bildirish va ularni ko’rib chiqilishini talab qilish;
- oliy ta’lim muassasasi va fakultet miqyosida o’tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida ishtirok etish;
- ilmiy tadqiqot ishlarida va ilmiy konferensiyalarda o’rnatilgan tartibda faol qatnashish;
- oliy ta’lim muassasasida qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo’lish;
- o’qishdan tashqari vaqtlarda ma’naviy-ma’rifiy, ta’mirlash, qurilish, ko’kalamzorlashtirish, qishloq xo’jalik va boshqa jamoat mehnatlarda, qonunchilikka zid bo’lmagan ishlarda ishtirok etish.
Talaba sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo’yicha yuqori malakali mutaxassis bo’lib yetishish uchun zarur bo’lgan qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
Talaba o’z huquqlarini suiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o’zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.
3.3. Davlat grantlari va to’lov-kontrakt asosida o’qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shaklida ta’lim olayotgan talabalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta’minlanadilar.
Talabalar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va Beruniy, Navoiy, Ulug’bek nomidagi Davlat stipendiyalari, hamda R.R.Abdurasulev va T.Sh.Shirinqulov nomidagi nomdor stipendiyalar, o’qishga yo’llagan yuridik va jismoniy shaxslar tayinlagan stipendiyalarni olish huquqiga egadirlar.
3.4. O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq kunduzgi o’quv shaklida ta’lim olayotgan talabalarga oliy ta’lim muassasasida o’qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.
3.5. Oliy ta’lim muassasasining Talabalar turar joyiga muhtoj talabalar oliy ta’lim muassasasining talabalar turar joylaridan sanitariya me’yorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta’minlanadi. Talabalar turar joylarida to’laydigan to’lovlarning hajmi kommunal-maishiy xizmatlar uchun to’lovlarni inobatga olib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi. Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo’lgan holda, oliy ta’lim muassasasining talabalar turar joylari maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.
Institutning talabalari o’qishdan bo’sh vaqtlarida o’rnatilgan tartibda mehnat faoliyati bilan shug’ullanish huquqiga ega.
3.6. Institutdan chetlashtirilgan talaba O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan talabalar o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi va qoidalari asosida qayta o’qishga tiklanilishi mumkin.
Ilgari oliy ta’lim muassasasidan ma’muriyatning tashabbusi bilan chetlashtirilgan shaxslarni, barcha o’quv shakllari bo’yicha talabalar safiga qayta tiklash to’lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Institutning talabalari belgilangan tartib va qoidalar asosida o’qishini ko’chirish (o’qishga qayta tiklash) huquqiga ega.
O’zbekiston Respublikasi hududida ta’lim faoliyatini olib borish uchun lisenziyaga ega bo’lmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari (markazlar, bo’limlar, o’quv-maslahat punktlari va boshqalar)dan talabalarni Institutga o’qishini ko’chirish (o’qishga tiklash) taqiqlanadi.
3.7. Institut talabalari oliy ta’limning davlat standartlari, o’quv dasturlari va rejalarida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur hamda Institutning Ustaviga, Ichki tartib qoidalari, odob-ahloq qoidalari va Talabalar turar joylari qoidalariga rioya etishlari shart.
O’zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o’qish vaqti hisobidan ta’lim jarayoni bilan bog’liq bo’lmagan ishlarga jalb etish ma’n etiladi.
3.8. Ushbu Ustav, Institutning Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari hamda Talabalar turar joylari qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzgan taqdirda talabaga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ko’riladi: hayfsan hamda talabalar safidan chetlatish.
Talaba Institutdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) o’z xohishiga binoan;
b) o’qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko’chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
g) akademik o’zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun;
d) o’quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
ye) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
j) o’qish uchun belgilangan to’lov o’z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli;
z) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
i) vafot etganligi sababli.
Harbiy xizmatni o’tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug’ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Vazirlik tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.
Institut ma’muriyati tashabbusi bilan (“d”, “ye”, “j”) talabalarni o’qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo’lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Ustavning 3.8-bandi “d” kichik bandiga ko’ra chetlashtirilayotgan holda, Institutning "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati boshlang’ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.
Intizomiy jazoga tortilayotgan talaba o’ziga qo’llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Institut rektori, Vazirlikga yoki sudga murojaat etishi mumkin.
Talaba Institutdan chetlashtirilganda, unga shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig’majildda saqlanadi.
Intizomiy jazo choralar talabalarning kasallik yoki ta’tilda bo’lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti - harakat aniqlangandan so’ng bir oydan va hatti - harakat sodir etilganidan so’ng olti oydan kechiktirilmay qo’llaniladi. Talabalar kasallik paytida, akademik ta’til yoki homiladorlik va tug’ish holati bilan bog’liq bo’lgan ta’til paytlarda talabalarga intizomiy jazo choralarini ko’rish ma’n etiladi.
Talaba kasal bo’lganligi o’zi yoki uning ota-onasi tomonidan yozma ariza bilan bevosita dekanatga, odatda, bir haftadan kechiktirilmasdan ma’lum qilinadi.
b) Tinglovchilar:
3.10. Institut huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazida o’qiyotgan shaxslar tinglovchilar hisoblanadi.
Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tartibi, tinglovchilarni o’qitish shartlari va huquqlari qonun hujjatlariga muvofiq tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.
v) Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar:
3.11. Institutning katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilari sifati muayyan yo’nalish bo’yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya tayyorlayotgan shaxslar hisoblanadi.
Oliy ma’lumotli mutaxassis yoki magistr diplomiga ega, kamida ikki yillik pedagogik stajga ega bo’lgan oliy ta’lim muassasasining katta ilmiy xodim-izlanuvchilar oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy tadqiqot ishini olib borayotgan shaxs – katta ilmiy xodim-izlanuvchi hisoblanadi.
Asosiy ish joyidan ajralmagan holda oliy ta’lim muassasasiga (kafedraga) biriktirilgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertasiya tayyorlayotgan shaxs – mustaqil izlanuvchi hisoblanadi.
3.12. Institut katta ilmiy xodim-izlanuvchilar safiga oliy ma’lumotli mutaxassis diplomiga yoki magistr darajasiga ega bo’lgan, ilmiy izlanish olib borish qobiliyatini namoyon eta olgan shaxslar uch yillik muddatga qabul qilinadilar.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish ishlab chiqarishdan ajralgan holda amalga oshiriladi, ammo katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish davrida pedagogik faoliyat bilan shug’ullanish mumkin. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish uch yildan oshmasligi kerak. Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga kirishda oliy ma’lumotli mutaxassislik diplomi yoki magistrlik va bakalavrlik diplomlarini, shuningdek, mehnat daftarchasini ham taqdim etish lozim.
Institut katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga doktorlik dissertasiyasiga asos bo’la oladigan salmoqli ilmiy yutuqlarga erishgan, fundamental tadqiqotlarni yuksak saviyada olib borish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan ilmiy muammolarni hal qilishga qobiliyatli, magistr akademik darajasi bilan kamida ikki yillik pedagogik ish stajiga ega bo’lgan yoki fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo’lgan iste’dodli ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar qabul qilinadi.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o’qish muddati ikki yildan uch yilgacha hisoblanadi.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutidan tashqari, mustaqil izlanuvchilik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka «bakalavr» yoki «magistr» darajasi bilan oliy ma’lumotga, 5 yildan kam bo’lmagan amaliy ish stajiga ega bo’lgan, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud, belgilangan talablarga mos keladigan ma’lum ilmiy yutuqlarga (ixtiro uchun patentlar, ilmiy maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) ega bo’lgan, doktorlik dissertasiyasi ustida mustaqil izlanishlar olib borayotgan, fan va texnikaning dolzarb muammolari hamda nazariy masalalari bo’yicha ilmiy tadqiqotlari yuzasidan salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek, tegishli fan va texnika sohasida chuqur bilimlarga ega bo’lgan shaxslar da’vogarlik qilishlari mumkin.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar institutiga qabul qilish, tugatish, shuningdek, dissertasiya ustida ishlayotganliklari uchun imtiyozlar berish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash kabi masalalar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o’tkazish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi PF-4456-sonli Farmoni va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi “Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestasiyadan o’tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 365-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
3.13. Institutda professor-o’qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, muhandislik - texnika, ma’muriy - xo’jalik, ishlab chiqarish, o’quv - yordamchi va boshqa xizmatchilar lavozimlari mavjud.
3.14. Professor - o’qituvchilar lavozimlariga ishga qabul qilish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 fevral 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy talim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to’g’risida”gi Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 9 mart F-137-sonli farmoyishiga muvofiq oliy ta’lim muassasasining prorektorlari rektor tavsiyasiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bilan kelishilgan holda tayinlanadi. Fakultet dekani Vazirlik bilan kelishilgan holda ta’lim muassasasi rektorining buyrug’i asosida tayinlanadi.
3.15. Institutning professor-o’qituvchilari va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
- belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasi va fakultet Kengashlariga saylash va saylanish;
- oliy ta’lim muassasasining faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
- oliy ta’lim muassasasining axborot-resurs markazi, o’quv va ilmiy bo’linmalarning xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa bo’limlar xizmatidan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;
- o’qitishning uslub va vositalarini tanlash, o’quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
- oliy ta’lim muassasasi ma’muriyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish;
- qonunchilikda belgilangan tartibda vakant professor-o’qituvchi lavozimlariga e’lon qilingan tanlovlarda qatnashish;
- o’zlari ishlayotgan kafedra, fakultetdan tashqari boshqa fakultet, kafedra, tashkilotlarda o’rindoshlik asosida ishlash (asosiy ish joyi bilan kelishilgan holda);
- xorijiy hamkasblarning sohaga doir ilmiy va o’quv-uslubiy adabiyotlari bilan tanishish va ular bilan fikr almashish;
- o’z fani bo’yicha sifatli darsliklar va o’quv qo’llanmalar tayyorlash;
- nazariy bilimlarini amaliy tajribasini, ilmiy tadqiqot olib borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;
- talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
- grantlar, ilmiy loyihalar, xo’jalik shartnomalarida ishtirok etish;
- O’zbekiston Respublikasining ta’lim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
3.16. Institutning professor-o’qituvchilari va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
- ta’lim to’g’risidagi qonunchilik, mehnat va texnologiya intizomi, muassasa Ustavi, Ichki mehnat tartibi va odob-ahloq qoidalariga qat’iy rioya qilish; o’zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va o’qituvchilik sha’niga dog’ tushirmaslik;
- ish jarayonida muloqat qiladigan muassasa xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan hushfe’l munosabatda bo’lish;
- ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini bajarish, har yili tasdiqlanadigan shaxsiy ish rejasi asosida o’quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni o’z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:
a) o’quv yuklamalari hajmini, o’quv-uslubiy, ilmiy, o’quv-tashkiliy ishlarni tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi asosida bajarish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda ishtirok etish;
b) darslik, o’quv qo’llanma va boshqa o’quv abadiyotlar, ilmiy maqolalar, monografiyalar yozish;
v) tarbiyaviy ishlarni olib borish, talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda, shu jumladan, darsdan tashqari vaqtlarda o’tkaziladigan tadbirlarda bevosita ishtirok etish;
d) Kengash tomonidan tasdiqlangan kafedra ilmiy mavzularida ishtirok etish;
e) o’z malakasini muntazam ravishda oshirish;
- akademik lisey va kasb-hunar kollejlari uchun hamkorlikda yangi avlod o’quv adabiyotlari, o’quv-uslubiy majmualar yaratishda ishtirok etish;
- akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida ochiq va muammoli mashg’ulotlar hamda “master klass”lar o’tkazish;
- o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi muassasalarida o’tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida ishtirok etish;
- o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi muassasalarida zamonaviy axborot-kommunikasiya hamda pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim sifatini oshirishga ko’maklashish;
- mehnatni muhofaza qilish texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalariga rioya qilish;
- muassasaning mol-mulkini avaylash, undan oqilona foydalanish;
- ish beruvchiga bevosita yetkazilgan xaqiqiy moddiy zararni qoplash;
- muassasa jamoatchilik ishlarida qatnashish;
- pedagogik va ilmiy jarayonning samaradorligini ta’minlash;
- zamonaviy sivilizasiya va demokratiya sharoitida ta’lim oluvchilarning tanlagan yo’nalishi (mutaxassisligi) bo’yicha yuksak kasbiy tayyorgarlikni, mehnatga bo’lgan qobiliyatni shakllantirish;
- chet tillari va axborot texnologiyalaridan savodxonligini oshirib borish;
- ta’lim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni shakllantirish;
- “Ustoz-shogird” tizimida ishtirok etib, o’ziga biriktirilgan shogirdlar bilan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
- o’zining odobi, madaniyati, ma’naviy saviyasi bilan o’rnak bo’lish;
- qiyinish madaniyatiga rioya etish;
- respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro’y berayotgan yangiliklardan xabardor bo’lish;
- muassasa, fakultet, kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;
- o’zi o’qitadigan fan dasturini muntazam fan va texnika yutuqlari asosida boyitib borish;
- darslarni yuqori saviyada o’tish;
- fan yo’nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan talabalarni tanishtirib borish;
- har o’quv yili boshlangunga qadar o’zi o’qitadigan
fan(lar)ning ishchi o’quv dasturi, kalendar rejasi va reyting nazoratlari jadvalini ishlab chiqish va kafedra majlisida tasdiqlash;
- reyting tadbirlarini o’z vaqtida o’tkazish;
- talabalar bilimini xolisona baholash;
- yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo’llash;
- ilmiy salohiyat va pedagogik mahoratini oshirish;
- talabalar ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
- xo’jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish hamda pullik ta’lim va servis xizmatlarini ko’rsatish;
- oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish;
3.17. Institut xodimlarining chet el xizmat safarlari Vazirlik tomonidan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalaridan xorijiy safarlarga borish tartibi to’g’risida”gi muvaqqat Yo’riqnoma asosida amalga oshiriladi.
3.18. Institutda professor-o’qituvchilarning uch yilda kamida bir marotaba malakasini oshirilishi ta’minlanadi.
3.19. Institut xodimlarining huquq va majburiyatlari Institutning Ustavi, Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari hamda lavozim yo’riqnomalari bilan belgilanadi.