O’quv, o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlar va yosh pedagogik kadrlarni tayyorlash
IV. O’quv, o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlar va yosh pedagogik kadrlarni tayyorlash
4.1. Institut quyidagi yo’nalish va mutaxassisliklar bo’yicha oliy ta’lim va oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limning asosiy ta’lim dasturlari, qo’shimcha ta’lim (kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ning dasturlarini amalga oshiradi:
1) bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha:
a) ishlab chiqarishdan ajralgan holda (bakalavriat) o’quv shakli quyidagi yo’nalishlar:
5340100- Arxitektura (turlari bo’yicha)
5150900 - Dizayn (interyer)
5150900-Dizayn (landshaft)
5341000-Qishloq hududlarini arxitektura-loyihaviy tashkil etish
5111000-Kasb ta’limi (tasviriy san’at va muhandislik grafikasi)
5340200-Bino va inshootlar qurilishi (sanoat va fuqaro binolari qurilishi)
5340500-Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish
5340800-Avtomobil yo’llari va aerodromlar
5111000-Kasb ta’limi (5340200 - Bino va inshootlar qurilishi)
5340400-Muhandislik kommunikasiyalari qurilishi va montaji (suv ta’minoti va kanalizasiya)
5340400-Muhandislik kommunikasiyalari qurilishi va montaji (Issiqlik, gaz ta’minoti va ventilyasiya)
5311500-Geodeziya, kartografiya va kadastr (geodeziya)
5311500-Geodeziya, kartografiya va kadastr (bino va inshootlar kadastri)
5111000-Kasb ta’limi (5340400-Muhandislik kommunikasiyalari qurilishi va montaji)
5610100-Xizmatlar sohasi (Uy-joy va kommunal, maishiy xizmatlar)
5230200-Menejment (tarmoqlar va sohalar bo’yicha)
5340900-Ko’chmas mulk ekspertizasi va uni boshqarish
5340300-Shahar qurilishi va xo’jaligi
b) ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (bakalavriat) o’quv shakli mavjud emas.
v) magistratura mutaxassisliklari:
5A340101-Bino va inshootlar arxitekturasi (inshootlar turi bo’yicha)
5A340102-Arxitektura nazariyasi va tarixi, arxitektura yodgorliklarini tiklash
5A340103-Shaharsozlik va qishloq aholi yashash joylarini kompleks qurish
5A340104-Landshaftlar arxitekturasi
5A340201-Bino va inshootlar qurilishi (energiya samarali binolarni loyihalash)
5A340401-Suv ta’minoti, kanalizasiya, suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish
5A340501-Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish
5A311502-Geodeziya va kartografiya (amaliy geodeziya)
5A340302-Shaxar transport xo’jaligi va aloqa yo’llari
5A340403-Issiqlik-gaz ta’minoti, ventilyasiya, havoni mo’tadillash va havo havzasini muhofaza qilish
5A630104-Oqova suvlarni tozalash va suv resurslarini muhofaza qilish
Institutda kadrlar iste’molchilari talablari asosida Vazirlikning buyrug’i bilan yangi yo’nalish va mutaxassisliklar bo’yicha kadrlar tayyorlanishini tashkil etishi mumkin.
4.2. Institut ta’limning asosiy ta’lim dasturlarini ikki bosqichda amalga oshiradi: bakalavriat va magistratura.
Bakalavriat - ta’lim yo’nalishi bo’yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o’qish muddati 4 yildan kam bo’lmagan tayanch oliy ta’limdir.
Bakalavr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestasiyasi yakunlari asosida ta’lim yo’nalishi bo’yicha «bakalavr» darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Magistratura - yo’nalishning muayyan mutaxassisligi bo’yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, bakalavriat negizida, o’qish muddati 2 yildan kam bo’lmagan oliy ta’limdir.
Magistr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestasiyasi yakunlari asosida tayyorlangan muayyan mutaxassislik bo’yicha «magistr» darajasi beriladi va davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Bakalavr va magistrlik davlat namunasidagi diplom uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug’ullanish yoki tanlangan ta’lim yo’nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o’qishni davom ettirish huquqini beradi.
Oliy ta’limning turli bosqichida asosiy ta’lim dasturlari bo’yicha dastlabki ta’lim olish, ikkinchi oliy ta’lim olish sifatida qaralmaydi.
4.3. Institutda ta’lim jarayonini tashkil etish, tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladigan va o’rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o’quv rejalari va fanlarning dasturlari, Institut rektori tomonidan tasdiqlangan yillik o’quv jarayoni jadvali hamda mashg’ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
Ta’lim jarayonini maqsadli yo’naltirish yo’li bilan tashkil etish, ya’ni ta’lim shakllari, uslub va vositalarni tanlash yo’li bilan Institut talabalariga oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturlarini o’zlashtirish uchun zaruriy sharoitlarini yaratib berilishi lozim.
Ta’lim-tarbiya jarayonining birligi Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari bilan ta’minlanadi.
4.4. Institutda o’quv mashg’ulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: ma’ruza, konsultasiya, seminar, amaliy mashg’ulot, laboratoriya ishi, yakka mashg’ulot (amaliy ijrochilik bilan bog’liq bo’lgan san’at yo’nalishlarida), nazorat ishi, kollokvium, mustaqil ish, amaliyot, kurs loyihasi (kurs ishi), bakalavrlik bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertasiyasi.
Auditoriya mashg’ulotlarining barcha turlari uchun 45 (yoki 40 minutlik tanaffussiz qo’shma ma’ruza) daqiqalik akademik soat belgilangan. O’quv mashg’ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo’ladi.
Ta’lim va tarbiya olib boriladigan tillar: o’zbek, rus hamda ingliz tillari hisoblanadi.
4.5. Institutda kadrlar tayyorlash ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi.
Oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturi doirasida ta’lim olishning barcha shakllari uchun o’rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va “Uzstandart” agentligida davlat ro’yxatidan o’tkazilgan davlat ta’lim standarti qo’llaniladi.
4.6. Institutda o’quv yili ikki semestrga bo’linadi va uning har birida talabalarning o’zlashtirishi reyting nazorati shaklida olib boriladi.
O’zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o’tkazish fakultet dekanining tavsiyasiga binoan rektor buyrug’i bilan amalga oshiriladi. Talabalarni kursdan kursga shartli o’tkazish mumkin emas.
Oliy ta’limning ta’lim dasturlarini o’zlashtirish, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan davlat ro’yxatidan o’tkazilgan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to’g’risidagi nizom”ga muvofiq tartibga solinadi, “O’zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi to’g’risidagi nizom”ga asosan bitiruvchilarning yakuniy attestasiyasi bilan tugallanadi.
4.7. Institutda ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalari, ta’limni individuallashtirish va mustaqil ta’lim olish vositalarini, modul tizimi hamda masofaviy ta’lim berishni qo’llash hisobiga mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga yo’naltirilgan ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi.
2) Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim - jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojini ta’minlashga yo’naltirilgan uzluksiz ta’lim turi.
a) katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti — ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur o’rganish va doktorlik dissertasiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish bo’yicha fan doktori darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklar bo’yicha oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim shakli;
b) mustaqil izlanuvchilik — ishlab chiqarishdan ajralmagan holda holda doktorlik dissertasiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur o’rganish va ular tomonidan ilmiy izlanishlar bo’yicha fan doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar bo’yicha oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim shakli;
katta ilmiy xodim-izlanuvchi — oliy ta’lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga katta ilmiy xodim-izlanuvchi lavozimiga belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs;
mustaqil izlanuvchi — oliy ta’lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga mustaqil izlanuvchilikka belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs.
4.8. Institutda oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestasiya Komissiyasi Rayosatining 2012 yil 20 sentyabrdagi 189/1-son qarori bilan tasdiqlangan va 2012 yil 30 oktyabrdagi 192/8-son qarori bilan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro’yxati”ga muvofiq tegishli vazirlik (idora) ruxsati asosida fan doktori ilmiy darajasi olish uchun katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti va mustaqil izlanuvchilar instituti orqali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanadi.
Institutda quyidagi ixtisosliklar bo’yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanadi:
01.02.04-Deformasiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi
01.02.05-Suyuqlik va gaz mexanikasi
05.09.01-Qurilish konstruksiyalari, binolar va inshootlar
05.09.03-Issiqlik ta’minoti. Ventilyasiya, kondisionerlash. Gaz ta’minoti va yoritish
05.09.04-Suv ta’minoti. Kanalizasiya. Suv havzalarini muhofazalovchi qurilish tizimlari
11.00.06-Geodeziya. Kartografiya
18.00.01-Arxitektura nazariyasi va tarixi. Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va tiklash
18.00.03-Rayonlashtirish, shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi
Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limni olish O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestasiyadan o’tkazish tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida”gi PF-4456-sonli Farmoni, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi “Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestasiyadan o’tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 365-sonli qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
4.9. Institut O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 28 maydagi “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o’rta maxsus, kasb- hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-1761-son qaroriga muvofiq Institut huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish fakultetida xodimlar uchun qo’shimcha kasbiy ta’lim dasturlari amalga oshiriladi.
Quyidagi yo’nalishlar bo’yicha o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o’qituvchilarining malakasini oshiradi:
- Bino va inshootlar qurilishi.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish fakultetida o’qish natijalariga mos ravishda davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
4.10. Institut Kengashining tematik rejalar bo’yicha bajariladigan ishlarning sifati hamda mehnat xavfsizligini ta’minlagan holda talabalar, doktorantlarni keng jalb etib, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlarni olib boradi.
Ilmiy tadqiqotlar quyidagi mablag’lar hisobidan moliyalashtiriladi:
- fan, texnika va madaniyatning muhim yo’nalishlari bo’yicha fundamental, amaliy hamda innovasion tadqiqotlarni bajarish uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag’lari;
- shartnoma asosida sohaviy vazirliklar, idoralar, korxonalar, birlashmalar va boshqalar, shu jumladan xorijiy tashkilotlar mablag’lari.