Mustaqil O‘zbekiston: taraqqiyot va farovonlik yo‘li
Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan tadrijiy islohotlar siyosati va xalqimizning fidokorona mehnati tufayli O‘zbekiston mustaqillik yillarida ulkan natijalarga erishib, izchil taraqqiy etib bormoqda.
Garchi yurtimiz o‘zining navqiron 27 yoshini qarshi olayotgan bo‘lsa-da, ana shu qisqa muddatda yangi muvaffaqiyatlarni, yuksak marralarni zabt etayotir. Ularning har biri, ayniqsa, dunyo jadal o‘zgarib borayotgan, butun boshli mintaqalar surunkali nizolar o‘chog‘i va qonli to‘qnashuvlar girdobida qolgan bir davrda juda ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, O‘zbekiston murakkab geosiyosiy sharoitda mamlakatda qaror topgan barqarorlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishayapti, ijtimoiy soha rivojlanmoqda, ta’lim va tibbiyotni ravnaq toptirish hamda qishloqni yanada obod qilishga katta miqdorda investitsiya yo‘naltirmoqda. Bu natijalar, ta’bir joiz bo‘lsa, osmondan tushgan emas. Har bir muvaffaqiyat, har bir marra zamirida mamlakatimiz rahbari atrofida bir tanu bir jon bo‘lib jipslashgan, islohotlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida yuksak mas’uliyat hissi bilan yashayotgan xalqimizning zahmatli mehnati mujassam.
“O‘zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari, onalik va bolalikni himoya qilish, ta’lim tizimini takomillashtirishda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Ushbu muvaffaqiyatlar barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasidir”.
O’zbekistonda huquqiy demokratiya
O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati asoslarining barpo etilishi
80 yillar oxiri 90 yillar boshlarida O`zbekistonda jamiyatning turli sohalarida mustaqillikka intilish harakatlari kuchayib bordi. 80 yillarning ikkinchi yarmidan mustaqillikni qo`lga kiritish shart-sharoitlari vujudga keldi. 1989 yil oktyabrda davlat tili to’g`risidagi qonunni qabul qilinishi mustaqillik yo`lida muhim bosqich bo`ldi.
1990 yili bahorida markazning qattiq qarshilishga qaramasdan sobiq Ittifoq Respublikalari orasida birinchi bo`lib O`zbekistonda Prezidentlik lavozimi ta`sis etildi. Bu o`zbek davlatchiligi va mustaqillikning printsipial yangi bosqichi bo`ldi.
I.A.Karimov 1990 yil 24 martda O`zbekiston Oliy Kengashida O`zbekistonning birinchi Prezidenti qilib saylandi. 1990 yil 20 iyunda mustaqillik to`g`risidagi deklaratsiyaning qabul qilinishi xalqning davlat mustaqilligiga intilishini huquqiy, iqtisodiy va siyosiy mazmun bilan to`ldirdi va g`oyat katta tarixiy ahamiyatga ega bo`ldi. O`zbekiston jamoat tashkilotlari va harakatlari orasida mustaqillik g`oyasi keng qo’llab-quvvatlandi.
1991 yil 31 avgustda O`zbekiston Respublikasi Oliy Soveti XII chaqiriq navbatdan tashqari VI sessiyasi davlat mustaqilligi va mustaqil suveren O`zbekiston Respublikasi davlati tashkil topganligini e`lon qildi. Unda O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi to`g`risida Oliy Kengash Bayonoti va Respublika davlat mustaqilligi asoslari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi hamda 1 sentyabr – Mustaqillik kuni milliy bayram deb belgilandi. Bu asosiy hujjatlar O`zbekiston oldida turgan maqsad va vazifalarni ko`rsatib berdi.
Mustaqil demokratik respublikasining tashkil topishi jahanshumul tarixiy ahamiyatga ega bo`ldi. Xalqning asrlar davomidagi mustaqillik uchun kurashi ruyobga chiqib, mamlakatda huquqiy, demokratik jamiyat shakllanishiga shart-sharoit yaratildi. O`zbekistonning boy imkoniyatlarini xalq turmushini yaxshilash uchun foydalanishga keng imkoniyatlar ochildi. Eng asosiy natijalardan yana biri – xalqning tarixiy, ma`naviy qadriyatlarini tiklash imkoni yaratildi.
O`zbekistonda mustaqillik sharoitida siyosiy va iqtisodiy qayta qurishlar amalga oshirila boshlandi, birinchi navbatda mustaqil davlatning huquqiy asoslari yaratildi.