MALAKA OSHIRISH — ISH SAMARADORLIGIDA MUHIM OMIL
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali tashabbusi bilan Samarqand shahrida joylashgan A.S.Pushkin nomidagi kutubxonada viloyatdagi barcha oliy taʼlim muassasalari rektorlari va davlat hamda nodavlat malaka oshirish markazlari direktorlari ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Muloqotdan koʻzlangan maqsad — davlat fuqarolik xizmatchilarini oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, viloyatda davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka oshirish darajasini koʻtarish.
Shuningdek, viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 7200 dan ziyod davlat fuqarolik xizmatchilarini 2021-yil davomida qayta tayyorlash va malakasini oshirish, bunda oliy taʼlim muassasalari hamda davlat va nodavlat malaka oshirish markazlarining imkoniyatlari hamda ular taqdim etishi mumkin boʻlgan oʻquv kurslar ham muhokama qilindi.
Tadbir avvalida 2018-2020-yillar davomida viloyat boʻyicha davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka oshirish koʻrsatkichlari muhokama etildi. Koʻrsatkichlarning juda pastligi, joriy yilda birinchi navbatda oʻrta boʻgʻin rahbar xodimlarning malakasini oshirish rejalashtirilganligi va bunda oliy taʼlim muassasalari va malaka oshirish markazlarining roli haqida toʻxtalib oʻtildi.
Tadbir soʻnggida barcha taʼlim muassasalarining davlat fuqarolik xizmatchilarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash yuzasidan bildirilgan takliflar, tavsiya etilayotgan malaka oshirish kurslari inobatga olindi. Shunga koʻra, 2021-yil uchun davlat xizmatchilarining malaka oshirish dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirildi.
SamDAQI Axborot xizmati