madaniy kecha
#madaniy_kecha
Talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tishini ta’minlash va yoshlarni san’at va madaniyatga keng jalb etish maqsadida birinchi amaliy hamkorlik ishlari boshlandi.
Joriy yilning 17-aprelida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga Madaniyat vaziri, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Nazarbekov Ozodbek Axmadovich tashrif buyurdi. Ushbu tashrifda madaniyat xodimlari va san'atkorlar hamda talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Ozodbek Axmadovich quyidagi iliq fikrlarini yoshlarga yetkazdi: “— Assalomu alaykum hurmatli talabalar, hurmatli Prezidentimiz Samarqandga qilgan tashriflari chog‘ida biz topshiriqlarni oldik. Ushbu institutda juda ajoyib sharoitlar bor ekan, talabalarni dam olish kunlarini, Samarqanddagi yoshlarimizni, farzandlarimizni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida juda ko‘p rejalar amalga oshirish istagidamiz. Kutib o‘tirmadik birdan amaliy ishlarni tashkil etishga qaror qildik, bundan keyin viloyatimizdagi madaniyat boshqarmasi sizlarni xizmatingizda bo‘ladi. Viloyatimizda sizlarga ma’qul keladigan ijrochilarimiz-san’atkorlarimiz bor bu bilan albatta cheklanmaymiz, boshqa viloyatlar hamda poytaxtdan san’atkorlarni kelishini ham ta’minlab beramiz.
Shaxsan ijodkor sifatida sizlarga shuni aytmoqchiman-ki, sizlarni orangizdan ijodkorlar yoshlar orasidan ansambllar, teatr studiyalari tashkil etamiz. Xudo xohlasa biz har bir OTMdan 5 tagacha ansambl tashkil etishni reja qildik. Mana sizlar qurilish-arxitektura sohasida ta’lim olasizlar, umuman bu sohada yangilik qilish uchun nima kerak? Ijod qilish kerak, ijodiy yondashuvgina sizlarni yangi marralarga eltadi, shuning uchun men sizlarga shaxsan Vazir sifatida aytmoqchimanki mana shu ansambllarni tashkil etishimiz ertaga bu sizlarni ijodiy fikrlashlaringizni oshiradi va bu katta marralarni egalashga yordam beradi. Biz hammamiz birgalashsak biz hammamiz yangi O‘zbekistonni quramiz, bunda hammamizni burchimiz-hissamiz bo‘lishi shart! Yurt qurish, Vatan qurish bu xalqni ishi bunga har bir inson daxldor. Marrani katta olib sadoqat bilan halol mehnat qilsak xudo xohlasa o‘ylaymanki katta natijalarga erishamiz!” – deya yoshlarni ruhlantirdi.
Tadbirning badiiy qismida Respublikamiz hamda viloyatimizda taniqli bo‘lgan san’atkorlar va institumizning iqtidorli talabalari tomonidan ajoyib taronalar ijro etildi.
SamDAQI Axborot xizmati