Institutning ichki tartib qoidalari: IX.Mehnat intizomini ta’minlash va javobgarlik

IX. Mehnat intizomini ta’minlash va javobgarlik

9.1. Institutda mehnat intizomi mehnat to’g’risidagi qonunchilik xujjatlariga, jamoa shartnomasi shartlariga, ushbu qoidalarga va texnologiya intizomini, mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi, ish­lab chiqarish sanitariyasi bo’yicha talablar shuningdek, xar bir xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shartlarini ko’zda tutadigan institutning boshqa lokal xujjatlariga rioya qilishni o’z ichiga oladi;
9.2. Mehnat majburiyatlarini tegishli ravishda bajarish, mehnatda yuqori natijalarga erishish, institutda uzoq muddat namunali ishlash va ishdagi boshqa yutuqlari uchun institut xodimlariga nisbatan quyidagi rag’batlantirishlar qo’llanishi mumkin:
tashakkurnoma;
pul mukofoti bilan taqdirlash;
qimmatbaho sovg’a bilan mukofotlash.
Jamiyat va davlat oldidagi alohida xizmatlari uchun xodimlar qonunchilikda belgilangan tartibda davlat mukofotlariga tavsiya etilishi mumkin;
9.3. Taqdirlashlar odatda mazkur xo­dim ishlayotgan tarkibiy bo’linma rahbarining yoki mehnat jamoasining tavsiyanomasiga ko’ra institut rahbari tomonidan chiqariladigan buyruqqa binoan institut  Ilmiy kengashida e’lon qilinadi;
9.4. Xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qo’llashga haqli:
1) hayfsan;
2) o’rtacha oylik ish haqining o’ttiz foizidan ortiq bo’lmagan miqdorda jarima.
Mehnat intizomini muntazam ravishda buzgan xodimga o’rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ortiq bo’lmagan miqdorda jarima . Xodimning ish haqidan jarima ushlab qolish ushbu O’zbekiston Respublikasi MKning  164-moddasi talablariga rioya qilingan holda ish be­ruvchi tomonidan amalga oshiriladi;
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (O’zbekiston Respublikasi MKning 100-modda ikkinchi qisminnng 3 va 4-bandlari);
4) Oylik ish haqiga berilgan ustama ham olib tashlanadi;
Ushbu moddada nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo’llanish ta’qiqlanadi (O’zbekiston Respublikasi MKning 181-moddasi).
9.5. Intizomiy jazolar ishga qabul qilish xuquqi berilgan institut rektori tomonidan qo’llaniladi (O’zbekiston Respublikasi MKning 182-moddasi).
9.6. Intizomiy jazo qo’llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning sodir qilgan nojo’ya hatti-harakati uchun jazo qo’llashga to’siq bo’la olmaydi. Xo­dimning tushuntirish berishdan bosh torti­shi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi;
9.7. Intizomiy jazoni qo’llanishda so­dir etilgan nojo’ya hatti-harakatning qay darajada og’ir ekanligi, shu hatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi;
9.8. Har bir nojo’ya hatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qo’llanishi mumkin;
9.9. Intizomiy jazo bevosita nojo’ya hatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu hatti-harakat aniqlagandan boshlab, xo­dimning kasal yoki ta’tilda bo’lgan vaqtini hisobga olmasdan, uzog’i bilan bir oy ichida qo’llaniladi;
9.10. Nojo’ya hatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oy o’tganidan moliya-xo’jalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa sodir etilgan kundan boshlab ikki yil o’tganidan keyin jazoni qo’llab bo’lmaydi. Jinoiy ish bo’yicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi;
9.11. Intizomiy jazo berilgani to’g’risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi (O’zbekiston Respublikasi MKning 182-moddasi);
9.12. Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qo’llanilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketishi mumkin emas. Agar xodim shu muddat ichida yana intizomiy jazoga tortilmasa, u intizomiy jazo olmagan deb hisoblanadi. Bunday holda intizomiy jazoni bekor qilish to’g’risida buyruq chiqarilmaydi;
9.13. Intizomiy jazoni qo’llagan ish beruvchi o’z tashabbusi bilan, xodimning iltimosiga binoan, mehnat jamoasi yoki xo­dimning bevosita rahbari iltimosnomasiga ko’ra jazoni bir yil o’tmasdan oldin ham olib tashlashga haqli (O’zbekiston Respublikasi MKning 183-moddasi);
Xodimdan intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash ish beruvchining buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi;
9.14. Intizomiy jazo ustidan xodim O’zbekiston Respubdikasi Mehnat Kodeksining 184-moddasida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin;
9.15. Ish beruvchiga xodim bevosita to’g’ridan-to’g’ri zarar yetkazgan holda inti­zomiy jazo va ta’sir ko’rsatishning boshqa choralarini qo’llashdan qat’i nazar, xodim, undan tashqari, qonunchilikda belgilangan tartibda moddiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin;
9.16. Mehnat intizomini buzganlik uchun xodimlarga nisbatan, intizomiy javobgarlikdan tashqari, lokal xujjatlar bilan ta’sir ko’rsatishning boshqa choralari ham qo’llanishi mumkin (mukofotdan, ustama ish haqidan, ish yakunlari bo’yicha  yil uchun mukofotdan to’liq yoki qisman mahrum qilish va h.k.);
9.17. Institutning mansabdor shaxslari mehnat to’g’risidagi qonunchilikni buz­ganlik uchun qonunga binoan ko’zda tutilgan hollarda ma’muriy yoki jinoiy javobgar­likka tortiladilar.
Bunday javobgarlik kuyidagi hollarda yuzaga keladi:
mehnat shartnomasini g’ayriqonuniy ekanligini bilib turib bekor qilish yoki ishga tiklash to’g’risidagi sud qarorini bajarmaslik shuningdek, homiladorligi yoki bolaga qarashi kerakligini vaj qilib ayollarni ishga qabul qilishdan bilib turib g’ayriqonuniy tarzda bosh tortish;
ishga qabul qilishning belgilangan tartibini buzish (mahalliy mehnat organlari tomonidan yuborilgan shaxslarni qabul qilishdan bosh tortish);
muqobil xizmat xizmatchilari, harbiy xizmatga majburlarni xujjatsiz yoki haqiqiy bo’lmagan  xujjatlar bilan qabul qilish;
qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan muayyan lavozimlarni egallash yoki faoliyat bilan shug’ullanish ta’qiqlangan shaxslarni ishga qabul qilish;
yong’inga qarshi qoidalar va xavfsizlik texnikasini, ishlab chiqarish sanitariyasi yoki xodimga zarar keltirishga sabab bo’lgan boshqa mehnat qoidalarini buzganlik uchun;
xodimning murojaatini ko’rib chiqishdan bosh tortish yoki uni o’z vaqtida ko’rib chiqmaslik yoxud ular bo’yicha asossiz zid qaror qabul qilish, nogironlarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam sonini yaratish bo’yicha  mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ijro etmaganlik va hokazolar uchun.