“KOʻMAK” HUQUQIY TARGʻIBOT GURUHI AʼZOLARI PARTIYANING YAQIN KOʻMAKCHISI

#uchrashuv #demokratik_partiya

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi deputatlar, deputatlik birlashmalari va boshlangʻich partiya tashkilotlari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Ulugʻbek Safarov Samarqand viloyatida boʻlib, partiya viloyat Kengashi“ Yoshlar qanoti” qoshida tashkil etilgan talaba yoshlardan iborat “Koʻmak” huquqiy targʻibot guruhi aʼzolari bilan uchrashdi.

Uchrashuv Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida bo‘lib o‘tdi. OʻzMTDPning dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshirish yuzasidan aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish, yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy yoʻnalishlarida olib borilayotgan islohatlarni jadallashtirish, yoshlar bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish, ularni tahlil qilish hamda ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan “Koʻmak” targʻibot guruhi aʼzolari bilan kechgan suhbat ikki tomonlama foydali boʻldi.

Ochiq va samimiy oʻtgan uchrashuvda Ulugʻbek Safarov partiya deputatlari tomonidan qonunchiligimizni yanada takomillashtirish borasida ilgari surilayotgan tashabbuslar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Hukumat soati” da muhokama etilayotgan masalalar haqida talaba yoshlarga batafsil maʼlumot berdi. “Koʻmak” huquqiy targʻibot guruhi aʼzolari esa joylarda aholining huquqiy ongini va siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirayotgan ishlari, erishilayotgan natijalar boʻyicha fikr mulohazalarini bildirishdi. Uchrashuvda bu boradagi ishlarni yanada jonlantirish yuzasidan huquqiy targʻibot guruhi aʼzolariga tegishli tavsiya va aniq koʻrsatmalar berilib, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

  

 


SamDAQI Axborot xizmati