SAMDAQIDA KAFEDRALAR FAOLIYATI TANQIDIY-TAHLIL QILINDI

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining reyting koʻrsatkichlarini yaxshilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda asosiy eʼtibor institut reytingini oshirish boʻyicha kafedralar faoliyati tahlili hamda mavjud imkoniyatlarni qayta koʻrib chiqish va dekabr oyi davomida oʻquv-uslubiy va ilmiy faoliyatga oid reyting indikatorlari boʻyicha har bir professor-oʻqituvchi bajarishi lozim boʻlgan aniq vazifalarni belgilab olishga qaratildi.



Yig‘ilishda Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Oʻ.Sirojiddinov joriy yil 1-noyabr holatiga ko‘ra institut kafedralarida amalga oshirilgan ishlar, yutuq va kamchiliklar haqida soʻz yuritdi.




Ma’lumotlarga koʻra, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida barcha kafedralar va boʻlimlarda mazkur yoʻnalishda muayyan ishlar olib borilgan. Natijada yil yakunlari boʻyicha koʻpchilik yuqori ball beruvchi indikatorlar boʻyicha ijobiy natijalarga erishildi. Shunday boʻlsada, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq va boshqa obyektiv sabablarga koʻra ayrim koʻrsatkichlarning 2019 yilga nisbatan past boʻlishi kutilmoqda. Aksariyat koʻrsatkichlar boʻyicha oldingi yillarga qaraganda natijalar birmuncha yaxshilanganligini va aksincha, 6 koʻrsatkich boʻyicha sezilarli darajada ijobiy oʻzgarish boʻlmasligi mumkinligi toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtildi.

Kafedralardan olingan maʼlumotlar asosida boʻlim tomonidan 1 noyabr 2020 yil holatiga ko‘ra institut kafedralari boʻyicha reyting koʻrsatkichlari OTMlar reytingini hisoblash mezonlariga muvofiq tahlil qilinib, “SamDAQI kafedralari reytingi” aniqlangan.

Hisob kitoblarga qaraganda shuni ko‘rsatib turibdiki, dastlabki uchta yuqori oʻrinlarda “Suv taʼminoti, kanalizatsiya va suv resurslarini muhofaza qilish”, “Qurilish texnologiyasi va uni tashkil etish” va “Qurilish materiallari, buyumlari va konstruktsiyalarini ishlab chiqarish” kafedralari joylashgan. Shu bilan birga, “Shahar qurilishi va xoʻjaligi”, “Muhandislik grafikasi va kompyuterda loyihalash”, “Oʻzbek va xorijiy tillar”, “Tasviriy sanʼat”, “Kasb taʼlimi va jismoniy tarbiya” kafedralari soʻnggi oʻrinlarni band etgan.







Yigʻilishda yil yakunigacha bir oy qolganligini inobatga olinib, reyting indikatorlari boʻyicha mavjud imkoniyatlarni qayta koʻrib chiqib, ahvolni tuzatish yuzasidan ishlarni faollashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Muhokama qilingan masalalar boʻyicha Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor A.Raximov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor E.Isakovlar o‘zlarining  fikrlarini bildirib o‘tdilar.



Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilish soʻngida institut rektori S.I.Axmedov tomonidan institut reytingini oshirish boʻyicha kafedralar oldida turgan vazifalar haqida toʻxtalib, aniq topshiriqlar berildi. Sohalar boʻyicha prorektorlar oldiga hamda fakultet dekani va kafedra mudirlari ishtirokida har haftada bir marta yigʻilish oʻtkazish va yil yakunigacha reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilib, zarur choralar belgilash vazifasi qoʻyildi.


 

K.Shodiyev.
Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi bosh mutaxassisi


SamDAQI Axborot xizmati