KADASTR SOHASI ILM-FAN VA AMALIYOT UYGʻUNLIGIDA RIVOJLANADI
#xalqaro_konferensiya
Xabar berganimizdek Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida joriy yilning 20-21 may kunlari “Davlat kadastrlari tizimini takomillashtirishda ilm-fan va innovatsion yutuqlarni amaliyotga joriy etishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish hamda innovatsion rivojlanish vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Moʻgʻuliston, Belarus, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridagi hamda yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, “OʻzDavyerloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti hamda Kadastr agentligi vakillari ishitirok etdi.
Dastlab anjumanning yalpi majlisida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi E.Isakov, “OʻzDaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti bosh direktori R.Toʻrayev va boshqalar tadbirning maqsad va mohiyati, undan kutilayotgan natijalar haqida soʻz yuritdi.
“ – Mamlakatimizda hamda xorijda davlat kadastrlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish va tajriba almashish, bu boradagi ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish mazkur anjumanning bosh maqsadi hisobalanadi. Shuningdek, yer resurslari, davlat kadastrlari hamda geodeziya, kartografiya, geoinformatika boʻyicha faoliyat yuritayotgan olimlarni tarmoqlararo ilmiy tadqiqotlarga yoʻnaltirish, davlat kadastrlari sohasida faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilarni xalqaro miqyosdagi jamiyatlarga jalb etishni kengaytirish, xalqaro akademik almashinuvchi kuchaytirish, ilm-fan va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish koʻzda tutilgan. Mamlakatimiz va xorijlik olimlarning maʼruzalari aynan shu yoʻnalishlarni qamrab olgan” – deydi SamDAQI v.v.b. rektori E.Isakov.
Konferensiyaning shoʻba yigʻilishlarida kadastr sohasi boʻyicha kadrlar tayyorlashning muammo, yechim va istiqbollari, qishloq xoʻjaligida yerlarni kadastr baholashning zamonaviy uslublari, davlat shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimi geoportali imkoniyatlari kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi. Ushbu yoʻnalishlarda Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya, Moʻgʻuliston tajribasi toʻgʻrisida ushbu davlatlar olim va mutaxassislarining fikrlari eshitildi.
“ – Yurtimizda kadastr sohasi ham bugun tubdan isloh qilinib, qishloq xoʻjaligi, qurilish va boshqa sohalar boʻyicha yer va yer bilan bogʻliq munosabatlar xalqaro tajriba asosada tartibga solinmoqda", – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti oʻqituvchisi L.Ibragimov. “ – Bu boradagi boshqaruv tizimi ham takomillashib, kadastrlar palatasi, davlat soliq qoʻmitasi huzurida davlat kadastr agentligi tashkil etildi. Boshqaruvi oʻzgarishi bilan birga endi faoliyatni ham zamon talablari darajasida yoʻlga qoʻyish zarur. Bunda ilm-fan va innovatsiyalardan amaliyotda samarali foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda. Konferensiyada aynan shu kabi masalalarda amaliyotchilar bilan fikrlashib oldik”.
Anjuman davomida ishtirokchilariga institutda mazkur soha boʻyicha kadrlash tayyorlash, agentlik bilan hamkorlik haqida batafsil maʼlumot berildi.
SamDAQI Axborot xizmati