HAMKORLIKNING KUTILMAGAN JABHALARI
Viloyatning olis hududida Urgut tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 41 umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi Konfutsiy instituti hamkorligida “Xitoy tili va madaniyati markazi” hamda professor Shahriyor Safarov kutubxonasi tashkil qilinib, joriy yilning 27 yanvar kuni uning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda SamDCHTI Axborot xizmati xabar bermoqda.
Hamkorlik natijasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 19 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ma’naviy-marifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektori yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosidagi hozirjavoblik ramzi o‘laroq shu maktabda tashkil qilingan “Xitoy tili va madaniyati markazi” hamda professor Shahriyor Safarov kutubxonasi taqdimoti tom ma’noda yig‘ilishda Prezidentimiz aytib o‘tganlaridek, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi, ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat” fikrlarining amaldagi ifodasi bo‘lib qoladi.
Taqdimoti bo‘lib o‘tgan “Xitoy tili va madaniyati markazi” hamda professor Shahriyor Safarov kutubxonasi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, zamonga mos ravishda jihozlandi.
“Xitoy tili va madaniyati markazi”ga zamonaviy kompyuterlar, proyektorlar hamda o‘quvchilar kelib, mashg‘ulotlar olib borishi uchun barcha jihozlar o‘rnatildi. Markazga, shuningdek, xitoy tili va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ko‘rgazmali qurollar, xitoy xattotlik san’ati vositalari yetkazib berildi. 18 nafar o‘quvchi bilan mashg‘ulot olib borishga mo‘ljallangan sinfxona barcha kerakli asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Darslar volontyor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi ochilgan kutubxona Shahriyor Safarovning o‘zi ta’lim-tarbiya olgan ilm maskaniga chuqur ehtirom va tug‘ilib o‘sgan qishloq yoshlari ma’naviy kamol topishi yo‘lida g‘amxo‘rlik ramzi sifatida tashkil qilingan ma’naviyat maskanidir. Kutubxonadan olti turkumga mansub 2000 ga yaqin nodir kitoblar o‘rin olgan. Shu bilan bir qatorda, xotirasiga 10 000 dan ortiq elektron kitob, 150 ga yaqin ingliz tilidagi filmlar yuklangan kompyuter to‘plami ham foydalanishga topshirilganki, bu ham, albatta, foydalanuvchilar dunyoqarashi kengayishiga xizmat qiladi.
Marosim doirasida Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilxomjon Tuxtasinov so‘zga chiqdi va barchani ushbu dargohning ochilishi munosabati bilan tabrikladi.
"Xitoy tili va madaniyati markazi" hamda Shahriyor Safarov kutubxonasi ochilish marosimining ramziy tasmasi SamDCHTI qoshidagi Konfutsiy instituti O‘zbekiston tomonidan direktori Shahriyor Safarov, Samarqand davlat chet tillar insituti rektori Ilxomjon Tuxtasinov, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori Sulton Axmedov hamda SamDCHTI qoshidagi Konfutsiy instituti Xitoy tomonidan direktori LI Chenxular birgaligida kesilib, tadbir ishtirokchilari markaz va kutubxonaning faoliyati bilan to‘liq tanishtirildi. Marosim yakunida yig‘ilganlar uchun dasturxonga osh tortilib, oqsoqollar tomonidan Xatmona duosi o‘qildi.
SamDAQI Axborot xizmati