TAVALLUD AYYOMINGIZ, TABARRUK 70 YOSH MUBORAK BO‘LSIN!
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining Qurilish fakulteti “Geotexnika va avtomobil yo‘llari” kafedrasida ish faoliyatini olib borayotgan, dotsent Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyevning tavallud ayyomlari bilan, institut jamoasi chin dildan muborakbod etadi.
Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyev sizga uzoq umr, sog'lik salomatlik, tinchlik-totuvlik va oilaviy baxt, doimo yoshlarni ilm-zakovatli qilib tarbiyalashda mana shunday ko'tarinki ruh hamda shijoat sizni hech qachon tark etmasligini tilab qolamiz.
Tabarruk 70 yosh muborak bo‘lsin!
SamDAQI ma’muriyati.
Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyev – 1966 yil SamDAQIning tayyorlov kursida o‘qib 1967 yilda shu institutga o‘qishga kirdi va uni “Muhandis quruvchi” ixtisosligi bo‘yicha 1972 yilda tamomlab, ish faoliyatini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining yo‘llanmasi asosida Samarqand shahridagi kechki industurial texnikumda o‘qituvchilik lavozimidan boshladi.
M.M.Xonkeldiyev 1974 yil xarbiy xizmatdan qaytgandan so‘ng ish faoliyatini SamDAQIning ilmiy bo‘limida, kichik ilmiy xodim lavozimidan boshladi. 1974 yil avgust oyida M.M.Xonkeldiyev SamDAQIning “Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar” kafedrasiga assistent lavozimiga ko‘chirildi. 1975 yil mart oyida shu lavozimga tanlovdan o‘tdi. Ana shu davrdan boshlab Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyevning ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasidagi g‘oyatda murakkab hamda mashaqqatli mehnat faoliyati boshlandi.
SamDAQI ma’muriyati M.M.Xonkeldiyevning ishchanligini, ilm egallashga intilishini e’tiborga olib, uni 1976 yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining yo‘llanmasi bilan Moskva muhandislik qurilish institutiga (MISI) ilmiy tadqiqotchi sifatida o‘qishga yubordi. U buyuk va dunyoga taniqli olim, SSSRFA muhbir a’zosi, texnika fanlari doktori, professor N.A.Sitovich, texnika fanlari doktori, professor M.Y.Abelev, texnika fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim V.F.Sidorchuk rahbarligida “Исследование напряженно-деформированного состояния оснований из влажных лессовых грунтов под жесткими штампами” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanish olib borib, uni 1981 yilda muvaffaqiyatli yoqladi va texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. (1981 yil 10 noyabr).
M.M. Xonkeldiyev 1981 yil aspiranturani tugatgandan so‘ng ish faoliyatini SamDAQIning “Gruntlar mexanikasi, zamin va poydevorlar” kafedrasida katta laborantlik lavozimidan boshlab, keyinchalik assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri va fakultet dekani lavozimlarida ishlab institutning “Faxrli dotsenti” unvoniga erishdi.
SamDAQI ma’muriyati Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyevning ishchanligini va tashkilotchiligini e’tiborga olib uni 1982 yilda SamDAQIning “Sanoat va grajdan qurilishi” fakultetiga dekan muovini lavozimiga tayinladi. M.M.Xonkeldiyev 1988 yil “Sanoat va grajdan qurilishi” fakultetning dekani lavozimiga saylandi va uni 1988-1999 yillarda boshqarib Respublika miqyosidagi eng nufuzli fakultet darajasiga olib chiqdi. Uning rahbarligi ostida xalq xo‘jaligiga bir necha minglab yaxshi muhandis-quruvchi kadrlar yetkazib berildi.
M.M.Xonkeldiyevning “Sanoat va grajdan qurilishi” fakulteti dekani bo‘lib ishlagan davrida (1988-1998 yillarda) fakultetning ilmiy salohiyati 15,7% ga oshdi, ya’ni ilmiy salohiyat 62,8% dan 78,5% ga ko‘tarildi. Shu davrda 3 ta doktorlik va 10 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
1999 yilda institut ma’muriyati M.M.Xonkeldiyevni o‘quv jarayonini yaxshi bilganligini, kuchli metodist va tashkilotchiligini e’tiborga olib, institutning o‘quv bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlashdi. Bu lavozimda ishlab u o‘zining katta tajribasini, bilimini o‘quv jarayonini yaxshilashga, institutda tashkil etilgan mutaxassisliklarni ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari bilan ta’minlashga, kadrlar sifatini yaxshilashga, yangi pedagogik va innovatsion texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tadbiq etishga qaratdi.
M.M.Xonkeldiyev “Sanoat va grajdan qurilishi” fakultetining dekani lavozimida yaxshi ishlagani, o‘quv jarayonini tashkillashtirishni mukammal bilganligi Respublikamizning tashqi va ichki siyosatini to‘g‘ri tushunishi, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida obro‘ e’tiborini va tashkilotchiligini e’tiborga olinib uni 2002 yilda «Mashinasozlik texnologiyasi va kadastr” fakultetiga dekan qilib tayinlandi. U bu lavozimda o‘zining hayotiy tajribasini, bilimini va barcha kuch g‘ayratini yosh kadrlarni tayyorlashga, Vatanimizning tashqi va ichki siyosatini yoshlarga-talabalarga to‘g‘ri tushuntirishga bag‘ishladi.
M.M.Xonkeldiyev boshchiligida “Mashinasozlik texnologiyasi va kadastr” fakultetida ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish, kadrlar sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta Maxsus ta’lim vazirligining 2001 yil 20 fevral oyida chiqqan 42-sonli “Oliy ta’lim muassasi kafedralarining ishlab chiqarishda va O‘zbekiston fanlar akademiyasi institutlari qoshida kafedra filiallarini tashkil etish» to‘g‘risidagi buyrug‘i hamda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 400-sonli qaroriga asosan M.M.Xonkeldiyevni 2002 yilda “Samarqand Liftsozlik” zavodida, “SamAvto” qo‘shma korxonasida, “SamAerogeodeziya” korxonasida, “YUTT va MT” hamda “Geodeziya” kafedralarining filiallarini tashkil etadi.
“Mashinasozlik texnologiyasi va kadastr” fakulteti dekani lavozimida ishlab fakultet ilmiy salohiyatini 10,2% oshirishga erishdi ya’ni 66% dan 76,2% ga ko‘tardi. Shu davr ichida “Mashinasozlik texnologiyasi va kadastr” fakultetida 2 ta nomzodlik va 1 ta doktorlik dissertatsiyalari yoqlandi va OAQ tomonidan tasdiqdan o‘tdi. “Mashinasozlik texnologiyasi va kadastr” fakulteti Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyev boshchiligida 2005 yil mart oyi SamDAQIda o‘tkazilgan fakultet va kafedralarning taqdimotida yaxshi baholandi.
“Mashinasozlik texnologiyasi va kadastr” fakulteti 2005 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan taqdimotda qatnashib yaxshi bahogabaholandi.
2005 yil mart oyida SamDAQI tassarufidagi fakultet va kafedralarda o‘quv, o‘quv uslubiy, ilmiy, ta’lim-tarbiya hamda o‘quv jarayonini tashkillashtirish ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rik tanlovida (taqdimotida), M.M.Xonkeldiyev rahbarlik qilgan “Mashinasozlik texnologiyasi va kadastr” fakulteti birinchi faxrli o‘rinni egalladi.
Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyev serqirrali olim. U 1983-1985 yillarda Toshkent shahridagi “SredAzgiprovodxlopok” tashkiloti bilan hamkorlikda “Sibir-O‘rta Osiyo” kanalining loyihasini tuzishda, SamDAQIga Davlat tomonidan berilgan ilmiy izlanishlarga hamda loyiha ishlariga rahbarlik qildi. Bu topshiriq 1985 yilda yakunlanib “Sibir-O‘rta Osiyo” kanalining loyihasi 2 variantda ishlab chiqilib Davlat tasdig‘iga topshirildi.
M.M.Xonkeldiyev 1988-1995 yillarda “Sanoat va grajdan qurilishi” fakultetining dekani lavozimida ishlab turib Surxondaryo viloyati bilan tuzilgan xo‘jalik shartnomalariga hamda loyiha ishlariga rahbarlik qildi. Muxammadmedi Musayevich Xonkeldiyev rahbarligida 1988-1995 yillarda Surxondaryo viloyatida olib borilgan ilmiy izlanishlar hamda loyiha ishlarining natijalari bo‘yicha “Xo‘jaykon” tuz konidagi binolar qayta ta’mirlandi, Surxondaryo viloyati Davlat muzeyi binosining loyihasi, Termiz shahridagi bozor binosining loyihasi ishlab chiqildi ekspertizadan o‘tkazildi va qurishga ruxsat berildi. M.M.Xonkeldiyev bu binolarni qurilishida bosh maslahatchilik qildi.
M.M.Xonkeldiyev 2010-2012 yillarda SamDAQI qoshidagi “Malaka oshirish va qayta tayyorlash” fakultetini boshqardi
M.M.Xonkeldiyev “Malaka oshirish va qayta tayyorlash” fakultetida asosiy ishni malaka oshirish yo‘nalishlarining malaka talablari, o‘quv reja, o‘quv dasturlar, o‘quv-uslubiy adabiyot va nazorat manbalari bilan ta’minlashga qaratdi. “Malaka oshirish va qayta tayyorlash” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalarni qayta ishlab chiqib Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan tasdiqdan o‘tkazdi.
Hozirgi kunda M.M.Xonkeldiyev “Geotexnika va avtomobil yo‘llari” kafedrasining dotsenti lavozimida ish faoliyatini olib bormoqda.
M.M.Xonkeldiyev 70 dan ortiq ilmiy va uslubiy ishlarning muallifi. M.M.Xonkeldiyev Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining “Faxrli dotsenti”, samarali mehnati uchun “Oliy ta’lim a’lochisi” va “Mustaqillik” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.