Ertadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo’nalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlanadi

2019 yil 25 iyulidan respublikadagi 31 ta OTMda qabul test sinovlarisiz abituriyentlardan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo’nalishlariga, kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlanadi.

2019/2020 o’quv yili uchun O’zR ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 4 iyuldagi 1-son bayoni bilan tasdiqlangan 122 ta ta’lim yo’nalishida qabul test sinovlarisiz kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali amalga oshiriladi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon o’tkaziladigan fanlar bo’yicha imtihon dasturlari va har bir fan xususiyati hisobga olingan holda baholash mezonlari, shuningdek, tegishli bakalavriat ta’lim yo’nalishlariga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi OTMlar tomonidan ishlab chiqiladi hamda tizimida OTMlari bo’lgan vazirlik va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarga (imtihon bosqichi yoki turiga) kelmagan abituriyentlar uchun qayta kasbiy (ijodiy) imtihonlar o’tkazilmaydi, ular navbatdagi imtihonlarga qo’yilmaydi hamda o’qishga qabul qilinmaydi.
Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida imtihon bo’lib o’tadigan barcha auditoriyalar, sport zallari va maydonlarga kuzatuv kameralari o’rnatiladi va ota-onalarga jarayonlarni bevosita kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, imtihon jarayonlarini jamoatchilik nazorati ostida shaffof va oshkora o’tkazish maqsadida ota-onalar vakillari, tuman (shahar) xalq deputatlari, davlat va nodavlat tashkilotlari mutaxassislari taklif qilinadi.
Qabul test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali amalga oshiriladigan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo’nalishlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olish mumkin.

Manba:Edu.uz rasmiy kanali