Sizni 2017 yil 22 aprel kuni Olmos Jo’rayev tavalludining 60 yilligi va ilmiy – pedagogik faoliyatining 37 yilligi hamda 60 yoshlik yubileyiga taklif etamiz.
Olmos Jo’rayev texnika fanlari nomzodi, dosent. 1957 yil 22 aprelda Samarqand viloyati, Qo’shrobot tumani, G’o’jimsoy qishlog’ida ziyoli oilasida tug’ildi. 1975 yilda Samarqand davlat arxitektura – qurilish institutiga o’qishga kirib uni 1978 yildan Kiyev muhandislik - qurilish institutida davom ettirdi. O.Jo’rayevning ilmiy faoliyati talabalik yillaridan boshlanib, ilmiy izlanishlariga dastlab texnika fanlari nomzodi, dosent Malko Valeriy Fedoseyevich rahbarlik qildi va u kishining bevosita rahbarligida diplom loyiha ishini bajarib 1980 yilda himoya qildi va Kiyev muhandislik-qurilish institutini “Suv ta’minoti va kanalizasiya” mutaxassisligi bo’yicha diplomini oldi. Shu yili O’zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim Vazirligi yo’llanmasi bilan mehnat faoliyatini SamDAQIning “Suv ta’minoti va kanalizasiya” kafedrasida assistentlik lavozimidan boshladi.
O.Jo’rayevning o’z mutaxassisligining sanoat oqova suvlarini tozalash sohasidagi dastlabki ilmiy izlanishlarini 1982 yildan Kiyev muhandislik qurilish institutida ilmiy izlanuvchilik va maqsadli aspirantlik davridan boshlanib, shakillandi.
Taniqli olim, fan arbobi, bir necha davlat mukofotlarining sohibi bo’lgan texnika fanlari doktori, akademik, suv tayyorlash texnologiyasi sohasining asoschisi Ukrainalik yirik olim L.A.Kulskiy va texnika fanlar nomzodi T.V. Knyazkovalar rahbarligida 1982-1986 yillar mobaynida Ukraina fanlar akademiyasining “Kolloid va suv kimyosi” instituti ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida bajarilgan ilmiy ishlari to’qimachilik sanoati oqova suvlarini mutloq yangi noan’anaviy texnologik usuli; teskari osmos, ultrafiltrasiya va dinamik membranalar yordamida tozalash va shu asosida yopiq zanjirli suv ta’minoti tizimini joriy qilish texnologiyasini yaratishga bag’ishlangan. Ilmiy tadqiqot ishini to’liq bajarib va 1989 yil Kiyev muhandislik qurilish institutining ixtisoslashgan ilmiy kengashida texnika fanlari nomzodligi dissertasiyasini muvoffaqiyatli himoya qildi.
O. Jo’rayev 1985-1989 yillarda SamDAQI “STK” kafedrasi assistenti, katta o’qituvchisi lavozimlarida, 1989-1997 yillarda “Santexnika” fakulteti dekani muovini, 1997-2005 yillarda institut qoshida tashkil etilgan “Iqtisodiy ta’lim mintaqaviy markazi”da bosh direktor, 2005-2008 yillarda institut “Moliya va iqtisodiyot ishlari” bo’yicha prorektor, 2008-2011 yillarda “Suv ta’minoti va kanalizasiya” kafedrasi dosenti, 2011-2012 yillarda institut “Marketing” bo’limi boshlig’i, 2012 yildan hozirgacha “Suv ta’minoti, kanalizasiya va suv resurslarini muhofaza qilish” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
O.Jo’rayev mohir pedagog va shuningdek o’z sohasining mamlakatimiz va xorijda tanilgan zabardast olim bilimdoni sifatida u “Sanoat oqova suvlarini tozalash tizimlari”, “Oqova suvlarni tozalash texnologiyasi”, “Kanalizasiya tarmoqlari” kabi o’quv-uslubiy majmualarni yaratib, “Ekologiya” fanidan elektron darsliklar muallifi. Ilmiy pedagogik faoliyati davomida 200 dan ortiq diplom loyihalari hamda 15 nafar magistrlik dissertasiyasi ishlariga rahbarlik qildi.
140 dan ortiq ilmiy maqola, uslubiy ko’rsatma va ilmiy ishlanmalar muallifidir.
O.Jo’rayev to’qimachilik sanoati oqova suvlarini membranalar yordamida tozalash mavzusida keng qamrovli ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Tempus UzWATER xalqaro granti ishtirokchisi sifatida Shvesiyaning “Upsala” universitetida 2013 yili o’z malakasini oshirib xalqaro sertifikat sohibi bo’ldi.
Institutda mutaxassislik bo’yicha 2004, 2007, 2010, 2014 yillarda o’tkazilgan xalqaro anjumanlarning tashkilotchi va ishtirokchilaridan biri sifatida faol qatnashdi.
Respublika miqyosida mutaxassislik bo’yicha o’tkazilib kelayotgan olimpiadalar tashkilotchisi va g’olib talabalarning rahbari hisoblandi.
“Innovasion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar” IX Respublika yarmarkasida O.Jo’rayev rahbarlik qilgan magistrant ishtirok etib I- darajali diplom bilan taqdirlandi.
O.Jo’rayev O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 15 yillik yubileyi ko’krak nishoni medali bilan taqdirlangan.
Olmos Jo’rayev yetuk olim, pedagog va faoliyat ko’rsatayotgan jamoada hurmatga sazovor bo’lishi bilan bir qatorda namunali oila boshlig’i. Umr yo’ldoshi bilan 3 nafar farzandni voyaga yetkazdilar va 10 nafar nabiralarning sevimli bobosidir.