SAMARQAND DAVLAT ARXITEKTURA-QURILISH INSTITUTI VA BELARUS MILLIY TEXNIKA UNIVERSITETI O‘RTASIDAGI HAMKORLIK YANADA MUSTAHKAMLANADI

 

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida 2+2 va 2+3 qo‘shma ta’lim doirasida ayni kunlarda imtihon jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Shu munosabat bilan Belarus milliy texnika universiteti vakillari Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga tashrif buyurdilar. BMTU bosh direktorining marketing ishlari bo'yicha o'rinbosari Gancharyonok Igor Ivanovich, “Arxitektura nazariyasi va tarixi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ojeshkovskaya Irina Nikolayevna va “Rus tili va adabiyoti” kafedra mudiri Budko Irina Vladimirovnalar SamDAQI rektori Axmedov Sultan Ilyasovich hamda SamDAQI o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Raximov Abduaziz Raxmonovich bilan o‘zaro suhbatda bo‘ldilar.

Suhbat chog‘ida SamDAQI rektori Sultan Ilyasovich institut tarixi va undagi o‘zgarishlar, ilmiy va pedagogik faoliyat, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning hayot tarzi bilan yaqindan tanishtirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonivich Mirziyoyev tomonidan hozirgi kunlarda ta’lim sohasida juda katta islohotlar olib borilayotgani haqida batafsil gapirib berdi.

“Avvalambor BMTU rektori nomidan sizga va sizning jamoangizga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Qadim Samarqand shahrida joylashgan va yarim asrdan ko‘proq tarixga ega bo‘lgan, qolaversa O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalari ichida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatganimizdan mamnunmiz. Hozirgi kunda BMTU va SamDAQI yangi tarixni yozmoqda, hamkorlik aloqalarimiz o‘ylaymanki hali ko‘p yillar davom etadi!” – deydi Igor Ivanovich Gancharyonok.
Muzokaralardan so‘ng mehmonlar rus tilidan yozma diktant imtihonlarining tekshiruv jarayonlarini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lib, qabul komissiyasi bilan yaqindan suhbatda bo‘ldilar.