E'lon!!!

BUGUN MATBUOT VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARI KUNI: NEGA AYNAN 27 IYUN?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 24 iyundagi farmoniga muvofiq, 27 iyun — matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida belgilangan. Mana 26 yildirki, mamlakatimizda matbuot, gazeta, jurnal, radio, televideniya va internet-jurnalistikaga daxldor kasb egalari bu kunni bayram sifatida nishonlaydilar.
Ushbu sana yurtimizda o‘zbek tilidagi dastlabki milliy matbuot nashri sifatida yuzaga kelgan “Taraqqiy” gazetasi sharafiga shunday belgilandi. Chunki, 1906 yilning 27 iyunida mazkur gazetaning ilk soni chop etilgan edi.
Gazeta faoliyatining asosini rivojlanib borayotgan ilg‘or mamlakatlar tajribalarini qo‘llab, tobora orqaga ketayotgan millatni bu yo‘ldan asrab qolish uchun kurashish g‘oyasi tashkil etardi. Uning ilk sonida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi haqida shunday yozilgandi: “Gazetamiz “Taraqqiy” nominda o‘lib, bora-bora jismi ham ismiga muvofiq o‘lub, millatimizni “keyin” bormog‘iga aslo rozi emasdurmiz. Baqadri imkon millati islomni oliy darajada o‘lmog‘i va millati islomdagi tijorat, kasb va korning ortmog‘iga yo‘l izlab ijtihol qilur”.
“Taraqqiy” — taraqqiyparvar bir gazeta bo‘lib, uning muharriri Ismoil Obidiy Yo‘ldosh edi. Gazeta mahalliy xalq manfaati yo‘lida chinakamiga faoliyat yuritgani uchun ham 20-soniga yetganda musodara qilinib, chop etish to‘xtatilgan. Gazeta 20 avgustga qadar, ya’ni ikki oy, bir hafta nashr qilingan.
(Nazira Abduazizovaning “Milliy jurnalistika tarixi” kitobidan)
Hurmatli matbuot hamda OAV xodimlari!
Sizlarni "27 iyun — Matbuot va OAV xodimlari kuni" bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. Doimo sog‘lik-salomatlik va oilaviy baxt sizlarni hech qachon tark etmasin!
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti matbuot kotibi Javlon Sadikov