Bayramingiz muborak bo’lsin, aziz ustozlar!
Har bir murg’ak bolani o’z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko’z nuri, qalb qo’ri, butun borlig’ini baxsh etadigan o’qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoiy kasb egalaridir.
Shu kunlarda bizga saboq bergan, hayot so’qmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik qilgan va bu vazifani ayni paytda ham sharaf bilan bajarib kelayotgan insonlarni kasb bayramlari bilan tabriklashga oshiqamiz. Albatta, har birimiz istalgan sohada mehnat qilmaylik, ustoz va murabbiylarga ehtiyoj sezamiz. Avvaliga maktabgacha ta’lim muassasasi, keyin maktab, navbati bilan oliy o’quv yurtida ustozlardan saboq olamiz. Ota-onalarimiz esa bu borada bizning bir umrlik yo’ldoshimiz. Ularning o’gitlari esa alohida mavzu. Farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Xalqimizning ustoz otangdek ulug’, degan purma’no naqlida ham o’qituvchi va murabbiylarga bo’lgan samimiy ehtirom namoyon. Bu bayram, avvalo, o’zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko’z nuri va qalb qo’ri, butun borlig’ini ayamasdan, ma’rifat yo’lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir.Bir necha yildirki, yurtimizda 1 oktyabr - O’qituvchilar va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Ming-minglab murg’ak qalblarga ezgulik yog’dusini sochadigan, o’z o’quvchilariga hayot maktabini beradigan mo’tabar zot - o’qituvchi va murabbiylarimizga bugungi kasb bayramingiz muborak bo’lsin, deymiz! Shu bayram munosabati bilan 2018-yil 28-sentyabr kuni Samarqand davlat arxitektura qurilish institutida“Bayramingiz muborak bo’lsin, aziz ustozlar!” deb nomlangan bayram tadbiri bo’lib o’tdi.Tadbirni institut rektori Axmedov Sulton Ilyosovich ochib berib, professor-o’qituvchilarni va tadbir ishtirokchilarini “O’qituvchilar va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etdi. Shundan so’ng S.I.Axmedov bir guruh professor o’qituvchilarga samarali ilmiy pedagogik faoliyati, ta’lim ravnaqi yo’lidagi ezgu ishlari, jamoadagi faolligi hamda 1-oktyabr Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Qurilish Vazirligi tomonidan taqdim etilgan Faxriy yorliqlarni topshirdi. Bundan tashqari jamoada uzoq yillardan beri samarali faoliyat yuritayotgan ustozlarga institut rektorining buyrug’iga asosan har bir o’qituvchi va murabbiylarga pul mukofoti topshirildi. Shuningdek Institut professor-o’qituvchilari va talabalarining birlashgan kasaba qo’mitasi raisi tomonidan ham bir guruh fidoiy ustoz-murabbiylarga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg’alar topshirildi. Tadbir kuy navolarga ulanib, institut rahbariyati tomonidan tashkil etilgan badiiy va konsert dasturlari bilan a’lo kayfiyatda o’tkazildi.
Haqiqatan ham, ko’z nuri va qalb qo’rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag’ishlagan, bir so’z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak oz.
Barcha ustoz va murabbiylarimizni SamDAQI Yoshlar bilan ishlash bo’limi va institut matbuot xizmati nomidan 1 oktyabr - O’qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz. Yosh avlodga ziyo nurini taratishdan aslo charchamang, aziz ustozlar.