“TASVIRIY SAN’AT” KAFEDRASI QOSHIDA “BADIIY KULOLCHILIK” TO‘GARAGI TASHKIL ETILDI
#milliy_sanat #SamDAQI
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining “Tasviriy san’at” kafedrasi qoshida “Badiiy kulolchilik” to‘garagi o‘zining ish faoliyatini boshladi.
To‘garakka “Tasviriy san’at” kafedrasi o‘qituvchisi Gulmirzayev O‘ktam Abduhalimovich rahbarlik qilib kelmoqda. To‘garak ochilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada yoshlarni o‘ziga jalb eta oldi.
Talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishini ko‘zda tutgan holda tashkil etilgan ushbu to‘garakda hozirgi kunda o‘nga yaqin iqtidorli talabalar kelib shug‘ullanmoqdalar. Kulolchilik dastgohi yordamida loydan turli xil buyumlar ya’ni tovoq, guldon, lagan, piyola va boshqa ajoyib buyumlar ustoz va shogirdlar tomonidan yasalmoqda.
Ish jarayonida biz, institut Axborot xizmati talabalar fikrlari bilan ham qiziqdik, kulolchilik dastgohida Shahzoda Bobojonova ish jarayoni vaqtida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
“— Avvalo, men rektorimiz Sulton Ilyasovich Axmedovga darsdan keyingi berilgan qoʻshimcha imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman, nafaqat oʻz sohamda rivojlanib, balki boshqa qiziqarli yoʻnalishlarni oʻzlashtirishga imkoniyat yaratib berganlari uchun shuningdek, biz bilan oʻz bilimlarini baham koʻrayotganlari uchun oʻqituvchimiz Gulmirzayev O‘ktam Abdurahimovichga katta rahmat. Men bolaligimdan ushbu sanʼat turiga qiziqqanim sababli, ushbu jarayon menga juda ham yoqadi. Qoʻllaringizning yengil harakatlari bilan siz loydan yangi va chiroyli buyum yaratasiz va bu odamga zavq bagʻishlaydi. Xudo xohlasa, kelajakda men ustozimiz yordamlarida ushbu yoʻnalishni chuqurroq o‘zlashtirishga harakat qilaman”.
“— Institutimizda ochilgan badiiy kulolchilik ustaxonasi biz talabalar uchun ayni kutilgan yangilik boʻldi” - deydi "Arxitektura" fakulteti uchinchi bosqich talabasi Gulnoza Rajabova “— Har safar ustozlarim yaratgan bir-biridan qiziqarli, nafis buyumlarni ko‘rganimda hayrat bilan boqardim, “- Nahotki bularni inson qoʻli yasagan boʻlsa” deya. Endi esa xuddi shu sanʼat asarlarini ustozimiz yordami ila oʻzim yarata olishim mumkin. Kulol koʻza yasayotganda tashqi olamni bir zumga unutib, hayolot dunyosiga erk beradi. Ish jarayonida inson qoʻlidagi bir parcha loydan yengil harakatlari bilan haqiqiy bir goʻzallik yaratayotganligini his qilib turarkan. Kulolchilik sanʼati, buyumlari hamisha har yerda qadrlanib kelgan. Chunki u bir insonning ichki kechinmalarini, dunyoqarash va qadriyatlarini doim oʻzida aks ettirib turadi”.
Darhaqiqat, kulolchilik qora loydan mo‘jizakor go‘zallik yaratgan Sharqning eng qadimiy hamda navqiron san’atidir. Bu qora loy, saxovat, halollik, ezgulik timsolidir. O‘zbek kulolchiligi uzoq tarixga, ajoyib an’analar, shakl, mazmun, ijodiy jarayon va o‘ziga xos uslubga ega. Sopol buyumlari sodda bo‘lsada uning ko‘rinishi qismlarining aniqligi, mutanosibligi saqlanishi, naqshlarining badiiy joylashishi, shakl va mazmunining birligi ham muhim rol o‘ynaydi. Dars jarayonlarida O‘ktam Gulmirzayev o‘z shogirdlariga kulolchilikning sir-asrorlarini, uning boy tarixini, ishlash usullari va texnikalarini yurakdan o‘rgatib kelmoqda.
SamDAQI Axborot xizmati