Aziz va yagonamsan, jonajon O’zbekistonim!
2018 yil 5 sentabr kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida mustaqillikning 27 yillik bayrami va yangi o’quv yili munosabati bilan tantanali tadbirlar bo’lib o’tdi. Tadbirlar institutning barcha fakultetlarida soat 8:00da O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Arxitektura fakulteti binosi oldida institut rektori, viloyat kengashi deputati S.I.Axmedov so’zga chiqib, yig‘ilganlarni mustaqillikning 27 yillik bayrami va yangi o’quv yili bilan qutladi. Oliygohga qabul qilingan abituriyentlarni talabalik baxtiga muyassar bo’lgani bilan tabriklab, ularga o’qish mobaynida katta zafarlar tiladi.
Tadbirda institut prorektorlari ham fakultetlarga tashrif buyurib, o’z tabriklarini yo’llashdi. Xususan, o’quv ishlari bo’yicha prorektor A.A.Raximov qurilishni boshqarish fakulteti, professor-o’qituvchilari va talabalarini yangi o’quv yili bilan tabriklab, kelgusi o’qish va ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Qurilish fakultetida tashkil etilgan tadbirda ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori t.f.n., dotsent Isakov Erkin Xo’jayorovich, moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Rajabov Adhamjon Hamdamovich, qurilish fakulteti dekani Bayzakov Abjalil Abdamitovich hamda fakultet professor-o’qituvchilari so’zga chiqib, talabalarga o’zlarining samimiy qutlovlarini yo’llashdi. Talabalikka qabul qilingan birinchi kurs talabalariga fakultet tarixi va faoliyati to’g’risida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari institutning muhаndislik kоmmunikаtsiyalаri qurilishi fаkultеtida ham tadbir a’lo darajada tashkil etildi. Tadbirda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Xudayarov O‘ktam Jurakulovich ishtirok etib, yig’ilganlarni yangi 2018-2019 o’quv yili boshlangani bilan tantanali muborakbod etib, talabalarni tug’ilib o’sgan jonajon Vatanimizga chin dildan xizmat qilishga, uning har bir go’shasini ko’z qorachig’iday asrab-avaylashga chaqirdi.
Tadbirlar ko’tarinki kayfiyatda bo’lib o’tdi. Tantanalar yakuniga yetgach, talabalar dars jadvaliga ko’ra auditoriyalarga “Aziz va yagonamsan jonajon O’zbekistonim” shiori ostida mustaqillik darslariga yo’naltirildi.
Institut yoshlar bilan ishlash bo’limi
SamDAQI matbuot kotibi.